Shimoliy Koreya janub bilan favqulodda harbiy aloqani uzdi

  • Amerika Ovozi

Pxenyanda AQSh va ittifoqchilariga qarshi tashviqiy plakatlar, Shimoliy Koreya, 26-mart, 2013-yil

Shimoliy Koreya Janubiy Koreya bilan favqulodda harbiy aloqa tizimini uzayotganini ma’lum qildi. Ikki davlat achchiq so’z almashishda davom etar ekan, yarimorolda vaziyat taranglashmoqda.

Janubiy Koreya rasmiy Pxenyan favqulodda harbiy aloqa liniyasi bo’yicha javob bermayotganini tasdiqlamoqda. Shimolga ko’ra, AQSh va Janubiy Koreyaning shu oy harbiy mashg’ulotlar o’tkazgani bunga sabab bo’ldi.

Shimoliy Koreya matbuotida o’qib eshittirilishicha, urush yuzaga kelishi mumkin bo’lgan bunday vaziyatda ikki tomonlama harbiy aloqani ushlab turishga hojat yo’q.

Ikki hafta oldin Pxenyan Qizil Xochning ham janub bilan aloqa liniyasini o’chirgan edi. Davlatlar o’rtasida diplomatik munosabatlar yo’q ekan, aviatsiya sohasidagi aloqa tizimi hozircha saqlanib turibdi.

Shimoliy Koreya davlat matbuotiga ko’ra, mamlakat yadro qurollari shay holatga keltirilgan va davlat rahbari Kim Chen Unning urush boshlash buyrug’ini kutmoqda.

Shimol radiosida Janubiy Koreya prezidenti Pan Kin Xe sha’niga qo’shni davlatda ocharchilik, jahon hamjamiyatidan yakkalanishini tilga olgani uchun tanqidlar yangrab, unga provokatsiyani kuchaytirmaslik tavsiya qilindi.

Shimol Tashqi ishlar vazirligi Qo’shma Shtatlarni ham ogohlantirib o’tdi. AQSh yadro qurollari sonida ustun bo’lsa-da, moziyga g’arq bo’lish taqdiridan qocha olmaydi, deyiladi vazirlik bayonotida.

Janubiy koreyalik professor Lim Ul Chulning aytishicha, shimol bunday katta gaplar bilan uni jiddiy qabul qilishlarini xohlayapti.

Kelasi hafta Shimoliy Koreya Oliy xalq kengashi majlis qilishi kutilmoqda. Iqtisodiy masalalardan tashqari hududdagi taranglik ham muhokama etilishi mumkin.

Shimoliy Koreya armiyasi son jihatdan dunyoda uchinchi, janub armiyasi esa to’rtinchi o’rinda turadi. 1950-yillar boshidagi uch yillik Koreya urushi sulh bilan tugagan, ammo o’rtada diplomatik aloqa yo’q. Janubiy Koreyada AQShning 28 ming sonli qo’shini bor.

http://www.voanews.com/flashembed.aspx?t=phg&id=1629086&w=640&h=506&skin=embeded