Ispaniya Putinga yaqin bir necha shaxsni qamoqqa olishni buyurdi

  • Amerika Ovozi

Ispaniya Oliy sudi binosi

Ispaniyada Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga aloqadorligi aytilgan bir necha rossiyalikni hibsga olish haqida sud buyrug'i chiqqan. Oliy sudya Xosa de la Mataning aytishicha, har bir gumondorga qarshi kuchli dalillar mavjud.

Qidiruvdagi shaxslar qotillik, noqonuniy qurol savdosi, moliyaviy firibgarlik, poraxo'rlik va giyohvand moddalar olib kirish kabi jinoyatlarda ayblanmoqda.

Ro'yxatdagi eng taniqli shaxslardan biri hukmron Birlashgan Rossiya partiyasi rasmiysi Vladislav Reznik bo'lib, u Dumaning kredit va moliyaviy institutlar qo'mitasini boshqargan. Ispaniya sud hujjatlarida qayd etilishicha, Reznik Rossiya jinoyat olami yetakchisi Gennadiy Petrovning hamtovog'i bo'lgan.

Petrov o'tgan asrning 90-yillarida Ispaniyada do'kon ochgan. 2008-yil politsiya uning Mayorka orolidagi villasida reyd o'tkazganida Rossiyaga qochgan.

Gumondorlar orasidagi yana bir shaxs Rossiyaning Giyohvandlikni nazorat qilish xizmati rahbari o'rinbosari Nikolay Aulov bo'lib, rus mafiyasi yuqori martabali rasmiylarga chiqish uchun undan foydalangani aytiladi.

Rossiya Federatsiyasi Tergov qo'mitasi rahbari sobiq o'rinbosari Igor Sobolevskiyni ham qamoqqa olish haqida order berilgan. Da'vo shuki, Sobolevskiy Petrovga uyushgan jinoyatchilikka qarshi hukumat ko'rgan choralar haqida maxfiy ma'lumot yetkazib turgan.