START yil oxirigacha Senat tasdig'idan o'tmasligi mumkin

  • Amerika Ovozi

Barak Obama va Dmitriy Medvedev hujjatni shu yilning aprel oyida Pragada imzolagan edi

AQSh va Rossiya o'rtasida strategik qurollarni qisqartirishga qaratilgan bitimni yangilash Obama ma'muriyati uchun dolzarb mavzu.

Ikki davlat rahbarlari imzolagan hujjat AQSh Senati tasdig'idan o'tmay turibdi. Prezident Obama masala yil oxirigacha hal bo'ladi, deya Rossiyani ishontirgan edi, ammo respublikachilar Kongressga saylovlarda g'alaba qozonib, masala yanada cho'zilishi mumkin.

"START bitimini shu yiliyoq yangilash milliy xavfsizlik uchun o'ta muhim. Bu muddati bitayotgan Kongress oldida turgan ustuvor vazifa. Amerika xavfsizligi haqida gap ketganda tavakkalga o'rin yo'q", - deydi Obama.

AQShning bir necha sobiq davlat kotiblari va mudofaa vazirlari Obamaning Rossiya bilan bitimni yangilash harakatlarini qo'llab-quvvatlamoqda. Amaldagi Davlat kotibasi Xillari Klinton masala ahamiyatiga urg'u beradi.

"Kimki bitimni keyinroq ham tasdiqlasa bo'ladi deyayotgan bo'lsa, xato qiladi va mamlakat yuzlashayotgan tahdidga yetarlicha baho bermagan bo'ladi", - deydi Klinton.

Yangi START bitimi 1991-yildan 2009-yilgacha amal qilgan hujjatni yangilashga qaratilgan bo'lib, prezidentlar Obama va Medvedev uni aprel oyida imzolagan edi. Hujjatga ko'ra, davlatlar uzoq masofali yadro arsenalini 30 foizgacha qisqartirishi kerak.

Biroq Senat kelishuvni tasdiqlashga shoshmayapti. Buning uchun 100 senatordan kamida 67 nafari unga ovoz berishi lozim. Noyabr boshidagi saylovlarda muxolifat yirik g'alaba qozonib, Senatda ko'pchilikni tashkil etgan demokratlar bilan o'rtadagi farq qisqardi. Bu esa bitim tasdig'ini yanada kechiktirishi mumkin. Kongress yangi tarkibda yanvarda ilk bor majlis qiladi.

Yangi saylangan senator Roy Blant bitimga ilk majlisdayoq ovoz berish tarafdori.

"Bu mamlakatimiz uchun juda ham muhim masala. Shunday ekan, uni shu kungacha tasdiqlash kerak edi".

Yevropa Ittifoqi va Rossiya Qo'shma Shtatlarni bitimni tasdiqlashga chaqirmoqda.

NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussenning aytishicha, masala yechimi qancha kechiksa, Yevropa shuncha xavf ostida bo'ladi.

"AQSh va Rossiyani START bitimini imkon qadar tez ratifikatsiya qilishga da'vat etamiz", - deydi alyans rahbari.

Vashingtondagi konservativ Xeritij jamg'armasi tahlilchisi Jeyms Karafanoning aytishicha, yevropaliklarning xitobidan Obamaga naf yo'q.

"Bitim bir necha oydan beri tasdig'siz yotibdi. G'arbiy Yevropa uchun bu juda ham muhim bo'lganida edi, hozir emas, ancha oldin biror narsa deyishgan bo'lardi", - deydi tahlilchi.

Karafanoning aytishicha, hujjatning hozirgi ko'rinishi Rossiyaga qurollarini zamonaviylashtirishga yaxshi imkon beradi, biroq bu Vashington manfaatlariga javob bermaydi.

"Obama Amerika yadro arsenalini yangilash kerak, deb churq etmagan, deydi mutaxassis. Aksincha, bunday qilmaymiz deb kelgan. U pulni qurollar emas, yadro infratuzilmasiga sarflamoqchi, ammo buni zamonaviylashtirish deb bo'lmaydi.

Karafano Lissabondagi NATO sammitida Rossiya AQSh bilan mudofaa tizimi bo'yicha hamkorlikka kelishganini jiddiy qabul qilmaydi. Prezident Medvedev AQShning Yevropada Eron raketa hujumiga qarshi o'rnatilishi rejalanayotgan mudofaa tizimini butunlay qo'llab-quvvatlamay, uni o'rganishga vaqt kerak, degan.