"Filadelfiya Inkvayerer" gazetasida chiqqan maqolaga ko'ra, respublikachi senatorlar Strategik qurollarni qisqartirishga qaratilgan bitim ratifikatsiyasini cho'zib, to'g'ri ish qilmayapti. Muxolifatda bunga asos yo'q, deb yozadi gazeta. START bitimi yadro qudratiga ega har ikki davlat arsenalini kamaytiribgina qolmay, uni nazorat qilish mexanizmini ham tartibga soladi. Shu bilan birga davlatlarda yadro qurollarini zamonaviylashtirish imkoni bo'ladi. Bitim Amerika va ittifoqchilari xavfsizligini kuchaytiradi, ikki yirik davlat o'rtasidagi strategik muvozanatni ta'minlaydi, deyiladi maqolada.
"Filadelfiya Inkvayerer"ning yozishicha, Qo'shma Shtatlar Eron, Shimoliy Koreya, Hindiston, Pokiston kabi davlatlar atom dasturi va yadro xavfsizligini muhokama qilayotgan bir paytda STARTni ratifikatsiya qilmasa, unga bo'lgan ishonchga, yadro qurollari tarqalishining oldini olishga qaratilgan harakatlariga putur yetadi.
"Vashington Post" gazetasi mavzuni yoritar ekan, START borasida Respublikachilar partiyasida fikr bo'linganini ta'kidlaydi. Tashqi aloqalar qo'mitasida ko'zga ko'ringan senator Richard Lugar bitimni qo'llab-quvvatlaydi. Uning umid qilishicha, bitimni yil oxirigacha tasdiqlash uchun yetarlicha ovozlar bor. 100 senatordan kamida 67 nafarining ovozi kerak.
Sobiq mudofaa vazirlari va davlat kotiblari ham bitim tarafdori. Jon Kil singari konservativ ruhdagi qonunchilar esa hujjatni tasdiqlashga shoshmoqchi emas. Respublikachilar ovozlari evaziga Obama ma'muriyatidan Jorj Bush prezidentligi davrida qabul qilingan soliq imtiyozlarini uzaytirishni so'ragan. Obama shu hafta murosa qilib, dasturni yana ikki yilga cho'zishga rozi bo'lgan.
"Nyu-York Tayms" mavzu muhokamasini davom ettirar ekan, Rossiya bilan imzolangan bitimni tasdiqlashga shoshmayotgan ba'zi respublikachi senatorlar Amerika xavfsizligini garovga olgan, deb yozadi.
"NATO qo'mondonlari, yadro sohasida ilg'or ilmiy xodimlar, harbiy qo'mondonlar va har ikki partiyaning sobiq rasmiylari bitimni qo'llab-quvvatlab turgan bir paytda bir hovuch qonunchilar ishning beliga tepishi yaxshi emas" deb yozadi gazeta.
Yetakchi gazetalar chop etayotgan maqolalar mazmuni shuki, Kongress START kelishuvini tezroq tasdiqlamay xavfsizlikka raxna solmoqda.