Sudanda hokimiyat talashayotgan taraflar ichki mojaroga barham berishga ojizlik qilmoqda – jang maydonida ham, diplomatik sahnada ham natija yo’q. Sudan armiyasi va tezkor madad kuchlari o’rtasidagi ixtilof oddiy xalqqa og’ir tushmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Sudanliklar qo’shni Janubiy Sudanga qochmoqda. O’z mamlakatidagi mojarolardan bir necha yil oldin Sudanga qochgan janubiy sudanliklar esa endi vataniga qaytyapti.
“Poytaxt Xartumda odamlarni otib ketishyapti. O’zim bilan hech narsa olib ketolmadim. Qo’shnim va 3 yashar qizini otib o’ldirishdi”, - deydi janubiy sudanliklardan biri.
Kuzatuvchilar mojaro tomonlardan birining qo’li baland kelsa yoki taraflar murosaga kelishsa to’xtashini bashorat qiladi. O’tgan hafta Xalqaro inqirozlar guruhi Tezkor madad kuchlari ustunlikka erishayotganini ta’kidlarkan, armiya muzokaralarda yon berishga majbur ekanini taxmin qiladi.
Biroq vashingtonlik tahlilchi Kameron Xadsonga ko’ra, mamlakatni armiyasiz tasavvur qilib bo’lmaydi.
“Tezkor madad kuchlarining bir qismini siyosiy jarayonlar orqali armiyaga qo’shish kerak, ammo buni hozircha tasavvur qila olmayman”, - deydi u.
Bir paytlar bir-biriga yaqin bo’lgan bu ikki kuchni birlashtirishga qaratilgan oldingi harakatlar samara bermadi. O’rtada ishonch yo’q, deydi tahlilchi Samo Salmon.
“Mojaroga diplomatik yechim topish uchun xalqaro hamkorlar kuchli va yagona koalitsiyaga birlashishi, hech bir tarafga yon bosmasligi kerak”, - deydi Salmon.
Yaqinda Xartumdan qochgan janubiy sudanlik bir odam mojaro hali ancha davom etishini aytadi.
“Hayot Sudanda og’irlashdi, ayniqsa janubiy sudanliklar uchun. Shu sabab vatanimizga qaytishga qaror qildik. Vaziyat qachon yaxshilanishini bilmaymiz, axir shuncha uylar yonib kul bo’ldi, qancha odam o’lib ketdi”, - deydi Daniel Dayen.
Sudanda 15-apreldan beri davom etayotgan mojaroda kamida 3000 odam o’lgan. Armiya qo’mondoni Abdulfattoh Burxon o’tgan hafta xalqqa televideniye orqali murojaat qilib, siyosiy yo’l xaritasi ustida ishlayotganini, barcha taraflar uni qabul qilsa, saylov o’tkazishga imkon bo’lishini bildirdi.
General raqib Tezkor madad kuchlarini siyosiy ziddiyatlar va iqtisodiy inqirozni keltirib chiqarayotganlikda aybladi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Sudanda oziq-ovqat va dori-darmon tanqisligi haqida ogohlantirmoqda. Ixtilof natijasida 4 milliondan ziyod odam uyini tashlab chiqishga majbur bo’ldi, jinsiy tajovuzlar 50 foizga ko’paydi, Xartumda talon-taroj kuchaymoqda, deyiladi BMT hisobotida.