Super-qo'mita ishni uddalay oladimi?

  • Amerika Ovozi

Kapitoliy binosi, Vashington

AQSh Kongressi mamlakatning 15 trillion dollarlik qarzini qisqartirish uchun avgust oyida maxsus qo'mita tuzib, unga tavsiyalar tayyorlash vazifasini yuklagan.

Super qo'mita 23-noyabrgacha bu ishning uddasidan chiqmasa, ayrim ichki dasturlar va mudofaa uchun mablag' 2013-yil boshida avtomatik ravishda kesiladi. Buning oldini olishga kirishgan qo'mitaning demokrat va respublikachi a'zolari partiyaviy va mafkuraviy qarashlarni chetga surib, mamlakat manfaatini ustun qo'yishiga to'g'ri keladi.

Amerika qarzga botishda davom etar, byudjet kamomadi esa oshar ekan, Kongress muammoni hal etishga ojizlik qilmoqda. Siyosiy qarama-qarshiliklar imkon bermayapti. O'tgan hafta tashqi qarz 15 trillion dollardan oshdi.

Super qo'mitaga 12 qonunchi kirgan. Olti demokrat va olti respublikachi. Unga kelasi 10 yilda xarajatlarni 1,2 trillion dollarga qisqartirish vazifasi yuklangan.

Ma'lum bo'lishicha, qo'mita unchalik super ham emas ekan. Ishning uddasidan o'z vaqtida chiqa olmaydigan ko'rinadi.

Siyosiy tahlilchi Stuart Rozenbergning aytishicha, masalani hal etish uchun qonunchilarga muhlat berilgani to'g'ri qaror, aks holda masala cho'zilib ketgan bo'lardi.

"Bundan tashqari qonunchilar mudofaa byudjetining qisqarishini istamaydi", - deydi mutaxassis.

Super qo'mita a'zolarining bir qarorga kela olmayotganiga sabab shuki, xarajatlarni kesish jarayonida hech bir partiya o'zi muhim deb bilgan sohalarning pulsiz qolishini xohlamaydi. Masalan, respublikachilar davlat apparati yiriklashgan deb, uni ixchamroq qilishga, ijtimoiy himoya dasturlarini kesishga chaqiradi, ammo demokratlar bunga qarshi.

Vermont shtatidan mustaqil nomzod sifatida saylangan senator Berni Sandersning aytishicha, byudjetni qariyalar, bemorlar, bolalar va kambag'allar puli hisobiga tekislash to'g'ri emas.

Ijtimoiy himoya soliqlar hisobiga ta'minlanadi. Respublikachilar esa soliqlarning ko'tarilishiga qarshi. Demak, buning hisobiga ham super qo'mita tashqi qarzni qisqartira olmasligi mumkin.

Vakillar Palatasi spikeri, respublikachi Jon Beyner murosa yo'lini taklif qilmoqda.

Demokratlar davlat apparatini qisqartirishga rozi bo'lsa, respublikachilar soliqlarni bir oz ko'tarishga qarshi bo'lmasligini bildirmoqda.

Har ikki partiyaning ayrim qonunchilari mazkur formula bo'yicha super qo'mitani 10 yilda 1,2 trillion emas, to'rt trillion dollar tejashga kelishishga chaqirmoqda.

Virjiniya shtatidan saylangan demokrat senator Mark Uornerning aytishicha, butun dunyoning ko'zi hozir Amerikada.

"Masala yechimsiz qolishi mumkin emas", - deydi u.

Aks holda jahon moliya bozorlarida qimmatbaho qog'ozlar bahosi yana tushib, amerikaliklarda Kongressga ishonch yo'qoladi.

Prezident Obama qariyalar uchun nafaqa va tibbiy xizmat dasturlarini qayta ko'rib chiqishga tayyorman, demoqda.

O'tgan hafta Osiyo va Tinch okeani mintaqasiga safar qilgan davlat rahbari xorijga eksportni kuchaytirib, ish o'rinlarini yaratib ham byudjetni yaxshilash mumkin, deydi.

AQShning Boing va Jeneral Elektrik kabi yirik kompaniyalari Indoneziya bilan bir necha shartnoma imzolab, buning natijasida 100 mingdan ziyod amerikalik mehnatga jalb qilinadi. Mintaqa bilan biznes va iqtisodiy aloqalar tufayli ayni damda besh million amerikalik ish bilan ta'minlangan.