AQShda Oliy sudning abort huquqini bekor qilish qarori yuzasidan noroziliklar davom etmoqda

  • Amerika Ovozi

AQShning konservativ sudyalar son jihatdan ustun Oliy sudi o’zining 1973-yilda federal miqyosda abort amaliyotini qonuniylashtirgan qarorini bekor qilib, amaliyotni taqiqlash yoki unga ruxsat berish qarorini shtatlar hukmiga havola qildi.

Bundan g’azablangan ommaning bir qismi shanba kuni poytaxt Vashingtonda Oliy sud binosi oldida norozilik namoyishini o’tkazdi.

Sud qarori usiz ham qutblashgan mamlakatni yanada bo’lib qo’yishi aytilmoqda.

Salkam 50 yil amalda bo’lgan qaror ayollarga abort masalasida mustaqil qaror qabul qilish huquqini bergan edi.

Huquq-tartibot organlari namoyishchilarni jilovlash maqsadida ularga nisbatan ko’zni yoshlantiruvchi gaz qo’llamoqda.

Respublikachilar nazoratidagi ko’plab shtatlar Oliy sud qaroridan foydalanib, abortni taqiqlab qo’ymoqchi. Ba’zi xabarlarga ko’ra, hatto jinsiy tajovuz jabrdiydalari, yaqin qarindoshlar o’rtasidagi homiladorlik, ona salomatligini hisobga olmasdan.

“Oliy sud bu qarori bilan qaror berish huquqini shtatlarga qaytardi. Endi har bir shtat, shtatdagi qonunchilar va odamlar saylangan rasmiylar bilan muloqot orqali mahalliy qonun qanday bo’lishini muhokama qiladi”, - deydi Janubiy Dakota shtatining respublikachi gubernatori Kristi Noem.

Oliy sud yaqinda Kongressda har ikki partiya qonunchilari kelishib qurol nazoratini kuchaytirish maqsadida qabul qilgan qonun loyihasini yumshatgani ham ayrimlar noroziligiga sabab bo’ldi.

“Oliy sudga ishonch qolmadi. Qurol nazorati bo’yicha qaroridan keyin bor ishonchni boy berishdi. Abort haqidagi qarori bilan esa ishonchga o’t qo’yishdi”, - deydi demokrat senator Elizabet Uorren.

Abortga qarshi amerikaliklar qarorni olqishlamoqda.

Sudning juma kungi qaroridan so’ng kamida 10 shtatda abort rasman taqiqlandi.

AQSh Oliy sudi qarori ketidan Fransiyada ba’zi faollar abortga huquqni konstitutsiyagaV kiritishni talab qilmoqda.