AQSh: Assad voqelikdan yiroq, faqat hukumatda qolishni o’ylaydi

  • Amerika Ovozi

Halabda prezident Bashar al-Assadga qarshi namoyish. 4-yanvar, 2013-yil.

Qo’shma Shtatlar Suriya prezidenti Bashar al-Assadning kechagi nutqini tanqidga olib, “voqelikdan yiroq va hukumatda qolishga urinishdan boshqa narsa emas” deya ta’rifladi.

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh: Assad voqelikdan yiroq


AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Viktoriya Nulandning aytishicha, Suriya prezidenti Bashar al-Assad qonuniy rahbar degan maqomni qo’ldan boy berib bo’lgan. Vashington Assadni ishdan ketishga takror va takror undab keladi.

“Suriya rahbari muzokara taklif qiladiyu, shu bilan birga, xalqni qirishda va mazhablararo adovatni yoyishda davom etmoqda” deya norozi AQSh rasmiylari.

Iyun oyidan beri birinchi bor jamoatchilikka murojaat qilgan Assad mojaroga siyosiy yechim topishga undadi. Suriya “dushmanlari” bilan olishayapmiz, dedi u. Assad salkam ikki yildan beri tinmayotgan chiqishlarni xalq qo’zg’oloni deb ta’riflashdan bosh tortdi.

Suriya prezidenti G’arb va mintaqa davlatlaridan isyonchilarga moliya va qurol uzatishni bas qilishni talab qildi. Assad nazarida hukumatga qarshi bosh ko’targanlar aslida Suriyani talamoqchi bo’layotgan al-Qoida vakillaridir.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmad Dovuto’g’li fikriga ko’ra, Assad xalq talablarini va Suriyadagi voqealar uchun o’zi javobgar ekanini tushunmayapti.

“Assad o’zini mamlakatdagi vaziyat uchun mas’ul emasday tutayapti. U yanglish xulosa qilmoqda, tarixiy jarayonlarni xato talqin qilyapti. Ya’ni Assad bir burchakda yashirinib olib, faqat unga xayrixoh maxfiy xizmatning xabarlarini kuzatayapti, xolos. Xolis ma’lumot, rela ahvoldan bexabar u”, - deb hisoblaydi Dovuto’g’li.

Turkiya rasmiysining aytishicha, Assad kelgusi harakatlarini aniq o’ylab qo’ymagan va Suriya oppozitsiyasi mavjud ekanini rad etish bilan taraqqiyotga erishish mumkin emas.

Muxolif koalitsiya Assad rahbarlikdan ketmas ekan, muzokara haqida gap bo’lishi mumkin emas, deydi.

Muxolifat nazarida prezident murosa haqidagi takliflari bilan kechikdi.
Assad bir burchakda yashirinib olib, faqat unga xayrixoh maxfiy xizmatning xabarlarini kuzatayapti, xolos.


Assad oppozitsiyani G’arbning qo’g’irchog’i deb hisoblaydi.

U kechagi chiqishida fuqaro urushi keltirgan talofatlarni qoralar ekan, prezidentning tarafdorlari “biz qalban sen bilan, jonimizni qurbon qilishga tayyormiz” deya hayqirgan.

Suriyadagi mojaro 2011-yilning martida tinch namoyishlar tarzida boshlangan.

Assad sulolasining 40 yillik boshqaruviga qarshi chiqishlar fuqarolik urushiga aylanib, Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisobiga qaraganda, shu kungacha kamida 60 ming odam nobud bo’lgan.