Suriyadagi so'nggi portlashlar jangari guruh ishi

  • Amerika Ovozi

Yabrud shahridagi namoyishlar, 11-may 2012

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Suriyada tomonlarni qurol tashlab, hujumlarni to’xtatishga undab, kuzatuv ishlarini jadallashtirar ekan, bugun mamlakat bo’ylab to’qnashuvlarda uch kishi halok bo’lgan. Ikkisi Idlibda, biri esa Hamo viloyatida.

Al-Nusra fronti deb nomlangan jangari guruh esa ikki kun oldin Damashqni qaqshatib, 55 kishining hayotiga zomin bo’lgan portlashlar ortida turganini tan olmoqda.

Mintaqaviy ekspert M.J. Goxel deydiki, bu tashkilot ancha yangi va endigina tanila boshlagan. Ular o’zini jihodchi kuchlar deb ataydi, deydi olim.

Suriya hukumati BMT Xavfsizlik Kengashiga murojaat qilib, terrorizmga qarshi kurashda uni quvvatlashni so’ragan.

Prezident Bashar al-Assad unga qarshi bosh ko’targan odamlarni terrorchi deb ataydi. Undan to’ygan fuqarolar esa erkinlik talab qilayotganini, hukumat qanchalik kuch ishlatmasin, namoyishlar davom etishini aytmoqda.

BMT va Arab Ligasi vositachiligida sulhga kelishilgan edi, lekin hukumat va muxolif kuchlar o’q almashishda davom etmoqda. Janglar tinmagan.

2011-yilning martida boshlangan qo’zg’olon va uni bostirish uchun ko’rilgan harbiy choralar oqibatida bugungacha 9000 dan oshiq odam o’ldi. Ulardan 2600 dan ziyodi askarlar. Minglab harbiylar qo’zg’olonchilar tomoniga o’tib ketgan. Idlib, Dara va Hims hukumatga qarshi namoyishlar markazi bo’lib qolmoqda.