Suriya Neft sanoati vazirining o'rinbosari Abdu Husamiddin lavozimidan ketib, muxolifatga qo'shilgan. Uning YouTube ga qo'yilgan videomurojaatida aytilishicha, prezident Bashar al-Assad hukumati so'nggi yillarda xalqni ancha qiynagan. Arbob hukumatdagi rasmiylarni cho'kayotgan kemani tark etishga chaqirgan.
Husamiddin Suriyada o'tgan yil mart oyida hukumatga qarshi namoyishlar boshlanganidan beri lavozimidan ketib, muxolifatga qo'shilgan ilk yuqori darajali rasmiydir.
Bu o'rtada BMT va Arab Ligasining Suriya bo'yicha maxsus vakili, Birlashgan Millatlar Tashkilotining sobiq bosh kotibi Kofi Annan bugun Qohirada Arab Ligasi rahbari Nabil al-Arabiy bilan Suriyadagi vaziyatni muhokama qilgan. Annan erta-indin Suriyada bo'lishi ham kutilmoqda. Uning aytishicha, mamlakatda qurolli to'qnashuvlarga chek qo'yilmas ekan, vaziyat yomonlashishi muqarrar.
Bugun Damashqda BMTning gumanitar yordam masalalari bo'yicha vakili Valeri Amos to'qnashuvlardan zarar ko'rgan hududlarga yordam berish masalasini Suriya hukumati bilan muhokama qilgan.
"Hims shahrining Bobo Amir tumanida ahvol juda og'ir, hamma joy vayrona", - deydi u.