Suriyada faollarning aytishicha, armiya bugun to’qqiz odamni o’ldirgan. Hamo shahrida askarlar aholiga qarata o’t ochdi, deydi ular.O’nlab odam jarohatlangan.
BMT kuzatuvchilari esa ayni paytda poytaxt tevaragi, Zabadani shahrini kezib, sulh ijrosini tekshirmoqda. Tinchlik bitimi bir yildan oshiq davom etayotgan namoyish va to’qnashuvlarga barham bera olmayapti. BMT missiyasi tarkibida 10 kishi bor.
Yevropa Ittifoqi qimmatbaho mollar, avtomobillar va repressiya quroli bo’lib xizmat qilishi mumkin bo’lgan og’it, kimyoviy mahsulotni Suriyaga sotishni taqiqladi. Tugal qaror bugun ittifoq tashqi ishlar vazirlarining Lyuksemburgdagi majlisida qabul qilindi. Qimmatbaho mollarni cheklash prezident Bashar al-Assadning rafiqasi, to’kin-sochin hayotga o’rgangan Asma Assadga ishoradir.
Surgundagi muxolifat ta’kidiga ko’ra esa xalqni armiya zarbalaridan himoya qilish vaqti yetdi va BMT zudlik bilan uch ming kuzatuvchi jo’natishi lozim.
Suriya armiya va muxolifat hujumlarida kecha kamida 17 odam o’lgan. Askarlar ketayotgan mashina portlab, besh nafari nobud bo’lgan.
BMT hisobicha, bir yillik g’alayonda 9 mingdan oshiq fuqaro o’lgan.