Suriyada qamaldagi 4000 jihodchi va oilasini poytaxt Damashqdan evakuatsiya qilish rejasi qoldirildi. Suriyalik isyonchilar rahbari Zahran Allush BMT vositachiligida jangarilarni shahardan o'tkazishni kafolatlagan edi, biroq juma kungi havo hujumida Allush halok bo'lgan. U Suriya kuchlari hujumida o'lganmi yoki Rossiya havo zarbalari natijasidami, hozircha noma'lum.
Zo'ravonliklarni kamaytirish maqsadida BMT va bir necha davlat muzokarachilari turli guruhlarni sulh va evakuatsiyaga ko'ndirishga harakat qilib kelayotgan edi.
Kelishuvga ko'ra, "Isomiy davlat" va boshqa jangari guruhlar a'zolari IShID poytaxti Raqqaga Allush guruhi (Jaysh al-Islom) nazoratidagi yo'l orqali o'tishi kerak edi.
BMTning Suriya bo'yicha maxsus vakili Staffan de Misturaning aytishicha, fuqarolar urushiga barham berishga qaratilgan hukumat va isyonchilar o'rtasidagi muzokaralar 25-yanvar kuni Jenevada o'tkaziladi. Muxolifat tarkibida turli isyonchi guruhlar vakillarining bo'lishi aytilmoqda.
Zahran Allush Suriya Prezidenti Bashar Assadga qarshi kurashayotgan guruh sardori edi. U Al-Qoidaga aloqador Al-Nusra fronti jangari guruhi bilan hamkorlik qilgani, tinch aholini o'qqa tutgani aytiladi. U Assad siyosatining ashaddiy tanqidchilaridan bo'lgan, G'arbni ikkiyuzlamachilikda ayblagan, AQShni Assadga qarshi yetarlicha kuch ishlatmaganlikda tanqid qilgan.