Suriya oppozitsiyasi yangi rahbarni sayladi

  • Amerika Ovozi
Suriyaning Hims shahrida, qadimiy masjid yonida janglar davom etmoqda. XIII asrga oid Xolid Ibn al-Valid masjidiga qattiq ziyon yetgan. Ikki yillik urush mamlakatdagi ko’plab tarixiy obidalarni vayron qildi.

Shaharda minglab tinch fuqarolar qamal holatida yashayapti. BMT Qochqinlar agentligi bu odamlarni yegulik, ust-bosh, dori-darmon bilan ta’minlashga sharoit yarating, deya talab qiladi.

Hozirning o’zida hududda oziq-ovqat, ichimlik suvi, tibbiy yordam, elektr toki va yonilg’i tanqis.

Shuningdek, g’arb qo’llab-quvvatlovini olgan Suriya muxolifati yangi rahbarni tanladi. Milliy koalitsiya matbuot kotibi Xolid Solihning bildirishicha, kecha Turkiyada o’tgan majlisda Ahmad al-Jarba bir ovozdan boshliq etib saylangan.

Kecha, bu orada, poytaxt Damashqda va isyonchilar qarorgohi Himsda armiya bilan qattiq janglar kechgan.

Ahmad al-Jarba qabilaviy yetakchi, ham dunyoviy kuchlar orasida, ham Saudiya Arabistonida yoqlovchilari bor.

Suriya muxolifati mart oyida sobiq rahbar Ahmad Muaz al-Xatib iste’fo berganidan beri rahbarsiz qolayotgan edi.

Yetakchini tanlash cho’zilgani sari oppozitsiya salohiyati, oradagi birdamlik bot-bot savolga tutib kelindi.

Suriya ikki yildan oshibdiki, urush girdobida. Prezident Bashar al-Assadga qarshi tinch namoyishlar sifatida boshlangan isyon qisqa vaqt ichida fuqarolik urushiga aylandi va minglab odamlarning boshini yedi.