Eron Suriya bahonasida G'arb bilan aloqani yaxshilashi mumkin

  • Amerika Ovozi

Eron prezidenti Hasan Ruhoniy

Suriya kimyoviy arsenalini yo’q qilishda bosh rol uning asosiy ittifoqchisi Rossiyaga ajratilmoqda. Biroq Damashqning mintaqadagi muhim hamkori Eron Suriya masalasida o’zini panada tutmoqda.

Kuzatuvchilar nazarida Tehron Suriyaga qarshi kutilayotgan harbiy zarbadan bezovta bo’layotgan edi, biroq so’nggi kunlarda kuzatilgan diplomatiya tantanasi Tehronga qo’l kelishi mumkin.

O’tgan hafta Bishkekda o’tkazilgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitida Damashqqa ittifoqdosh ikki davlat prezidentlari ilk bor ko’rishib, Suriyadagi vaziyatni muhokama qildi. Eron prezidenti Hasan Ruhoniy Rossiya rahbari Vladimir Putinning Suriya barqarorligi yo’lidagi harakatlarini olqishladi.

U Rossiya diplomatiyasi yangi urushning oldini olishga yordam beradi, deb aytdi.

Mintaqa tinchligi Eronga ham kerak, deydi Londondagi Xalqaro strategik izlanishlar instituti tahlilchisi Mark Fitzpatrik.

"Suriya masalasi G’arb davlatlarini qiynayotgani aniq, biroq Eron uchun bu yanada katta muammo", - deydi ekspert.

Surgundagi eronlik jurnalist Amir Tohiriyning aytishicha, Eron Suriyaga ko’p sarmoya qilgan, ayniqsa mafkuraviy tomondan.

"Mamlakat sifatida Eronning Suriyaga qiziqishi yo’q, biroq inqilobiy tuzum sifatida Tehronning u yerda o’z manfaatlari bor. Ruhoniy Eronni yana mamlakatga aylantirmoqchi", - deydi Tohiriy.

G’arb rahbarlari Ruhoniy Eron yadro dasturi bobida konstruktiv muloqot qilish umidida. Buni Eron Atom energiyasi boshqarmasining yangi raisi Ali Akbar Solihiy so’zlaridan ham bilsa bo’ladi.

"Eron xalqaro hamjamiyat bilan yadro dasturi bobida hamkorlikni kuchaytirish tarafdori", - dedi Solihiy.

Tahlilchi Mark Fitzpatrikning aytishicha, prezident Ruhoniy Suriyaga doir tinchlik anjumanidan G’arb bilan aloqalarini yaxshilash uchun foydalanib, Eronning tashqi siyosatdagi rolini oshirishi mumkin. AQSh va Rossiya anjumanni tashkil qilish bilan shug’ullanmoqda.

"Eron uni konferensiyaga taklif qilishlarini kutayotgan bo’lishi mumkin. Shunda Ruhoniy AQSh prezidenti bilan nafaqat Amerika uchun muhim bo’lgan yadro dasturi, balki Eron uchun ahamiyatli mavzularda ham muloqot qilish imkoniyatiga ega bo’ladi", - deydi Fitzpatrik.

Biroq Eron oliy diniy rahnamosi Oyatullo Ali Xomeneiy bunga rozilik berishi kerak, chunki tashqi siyosatga doir qarorlarni prezident emas, Xomeneiy qabul qiladi. Jurnalist Amir Tohiriy bunday bo’lishiga ishonmaydi.

"Xomeneiy Suriyada Bashar Assad tuzumining qulashini istamaydi va buning oldini olishga harakat qiladi. “Yaqin Sharq siyosatini kim shakllantiradi” degan savolga javob muhim. AQSh va ittifoqchilarimi yoki Eron va ittifoqchilarimi? Hozircha Tehron qo’shilgan tomonning qo’li baland kelmoqda", - deydi Tohiriy.

Surgundagi jurnalistga ko’ra, bunday vaziyatda Oyatullo Xomeneiy G’arb bilan murosa qilishni istamay, prezident Hasan Ruhoniyning mo’tadilroq siyosat yuritishga qaratilgan harakatlariga to’siq qo’yishi mumkin.