Suriyada IShIDning yuzlab a’zolari amnistiya orqali ozodlikka chiqayapti

  • Amerika Ovozi

Suriyaning gavjum qamoqxonalaridan mahbuslar ozod etilayotgani Qo’shma Shtatlar tomonidan ehtiyotkorona optimizm bilan qarshi olinmoqda. “Islomiy davlat” (IShID) terror guruhining yuzlab a’zolari ham qo’yib yuborilgan.

Kurdlar boshchiligidagi Suriya Demokratik Kuchlari (SDK) o’tgan hafta taqdim etgan reja umumiy amnistiya doirasida IShIDning quyi darajadagi a’zolarini ozod etishni nazarda tutadi.

Hozirgacha 600 dan oshiq suriyalikka uyiga qaytishga ruxsat berilgan, yana 250 dan ortiq kishining jazo muddati yarmiga qisqartirilgan. Kurd rasmiylariga ko’ra, kelasi oylarda bu jarayon davom etadi. AQSh buni qo’llab-quvvatlamoqda.

“Reintegratsiya tashabbuslarini ijobiy deb bilamiz. Radikalizm xavfidan xoli bo’lgan, zo’ravonlikka qo’l urmagan shaxslar ozod etilyapti. Ittifoqchilarimiz bilan birgalikda yordamga tayyormiz”, - deydi AQSh Davlat departamentining ismini oshkor etmaslik sharti bilan so’zlagan rasmiysi.

IShID e’lon qilgan xalifat 2019-yilning martida yo’q qilinganidan buyon asirlar masalasi ochiq qolayotgan edi. Pentagonning bildirishicha, SDK tomonidan tashkil etilgan vaqtinchalik qamoqxonalar uzoq muddatli yechim bo’la olmaydi. Ularda 10 ming jangari, jumladan 2000 xorijiy jangari, saqlanmoqda. Qamoqxonalarda mahbuslar bir necha bor isyon ko’targan.

Iyun oyida esa IShIDga qarshi kurashayotgan koalitsiya qamoqxonalardagi tirbandlik missiya uchun xavf tug’dirayotgani, ommaviy qochish yuz berishi ehtimoli haqida ogohlantirdi. Ammo xorijiy jangarilarni vataniga repatriatsiya qilish chaqiriqlari javobsiz qoldi.

Qamoqxonalarni ta’mirlash va xavfsizlikni kuchaytirish uchun AQSh ajratgan millionlab dollar mablag’ ham yetarli emas, deydi SDK rasmiylari, chunki mahbuslar soni qariyb 20 mingga yetgan. Shundan 12 mingi “Islomiy davlat” tarafida jang qilgan suriyaliklar.

Buni ham ko'ring Suriya, Iroq hududlarida yana qancha o'zbekistonlik qolgan?

AQSh Davlat departamenti vakilining “Amerika Ovozi”ga aytishicha, oddiy IShID mahbuslarini ozod etish qamoqxonalardagi gumanitar ahvolni va xavfsizlikni yaxshilashga xizmat qiladi.

“SDK bunday dasturlarni ilgari ham mas’uliyat bilan boshqargan”, - deya qayd etadi departament so’zlovchisi.

Suriya demokratik kengashi rahbari Amina Umarning aytishicha, ozod etilgan ayrim mahbuslar terrorizmda ayblangan bo’lsa-da, “qo’li suriyaliklar qoni bilan bulg’anmagan”. Barchasi IShIDga qo’shilgani uchun tavba qilgan.

“Bu odamlar o’zgarishga qodir”, - deydi Umar.

Amnistiyani tanqid qilayotganlar ham bor.

“SDK aholining radikal elementlarini izolyatsiya qilishni eplay olmagani sababli “Islomiy davlat” hibsxonalarda agressiv tarzda odam yollagani ehtimoli yuqori. Amnistiyaning birinchi to’lqini natijasida Furot daryosi vodiysidagi guruhlar safi yuzlab jangari bilan to'ladi, bu isyonchilikni alanga oldiradi”, - deydi Urushlarni o’rganish institutida tadqiqotchi Eva Kahan.

Boshqa ekspertlar fikricha esa amnistiya ish berishi yoki bermasligi keyingi qadamlarga bog’liq.

“Ozod etilganlar o’z jamoalarida qanday kutib olinadi? Ularning jamiyatga qayta qo’shilishi uchun sharoit yetarli bo’ladimi? Ko’p narsa shunga bog’liq”, - deydi Vashingtondagi Tinchlik instituti xodimi Mona Yakubian.