Kechagi ikki qonli portlashdan larzaga kelgan Suriyada bugun ommaviy namoyishlar o’tmoqda. Poytaxtda qaqshatqich xurujlar 55 odamni hayotdan olib ketgan, voqea hukumatga qarshi namoyishlar boshlanganidan beri eng qo’rqinchlisi, deb ko’rilmoqda.
Suriya hukumati bugun BMT Xavfsizlik Kengashiga murojaat qilib, terrorizmga qarshi kurashda madad so’radi. Bashar al-Assad ma’muriyati kengashga va bosh kotib Pan Gi Munga maktub yo’llagan. Tobora vahimali tus olib borayotgan jinoyatlardan ayonki, deydi Suriya rasmiylari, chetdan moliya olayotgan terrorchilar mamlakatga chuqurroq kirmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkilot tinchlikparvar kuzatuvchilari bugun Damashqni ko’zdan kechirdi. Hozir ular safida 150 kishi bor, deydi kuzatuv missiyasi so’zlovchisi Niraj Singx.
“Jahon ahli birlashib, Suriyaga yordam berish yo’llarini izlamoqda. Har qanday zo’ravonlik shu zahoti bas qilinishi kerak”, - dedi BMT rasmiysi.
Suriya muxolifati nazarida portlashlarni al-Qoidaning Suriya hukumatiga aloqador bo’limlari amalga oshirgan. Assad ma’muriyati xalqaro hamjamiyat olg’a surgan sulhni puchga chiqarmoqchi, deydi oppozitsiya.
AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta so’zlariga ko’ra, Amerika razvedkasi Suriyada al-Qoida elementlari borligini tasdiqlaydi, lekin ko’lami haqida biror narsa deyish qiyin.
BMT hisob-kitobiga qaraganda, o’tgan yilning martida boshlangan qo’zg’olon va zo’ravonliklar 9000 dan ziyod odamni hayotdan olib ketgan.