Suriyada yangi konstitutsiya loyihasi ovozga qo’yiladi

  • Amerika Ovozi

Suriyada yangi konstitutsiya loyihasi ovozga qo’yiladi

Qon to’kilishlar davom etayotgan Suriyada yangi konstitutsiya loyihasi bo’yicha referendum kuni belgilandi - 26-fevral. Yanvarda qilgan nutqida prezident Bashar al-Assad ko’p partiyaviy sistemaga o’tishga va’da bergan edi.

Maxsus qo’mita yangi konstitutsiya loyihasi ustida to’rt oy davomida ishlagan. Bu hujjat har bir fuqaroning fundamental huquqlarini kafolatlaydi, Suriyani erkinlik va siyosiy plyuralizm bobida namuna davlatga aylantiradi, deya xabar beradi mahalliy matbuot.

Suriya prezidenti lavozimiga yetti yil muhlatga ikki bor saylanish mumkin. Loyihadan, shuningdek, hukmron “Baas” partiyasi “davlat va jamiyat yo’lboshchisi” degan band olib tashlangan.

Suriyada yangi konstitutsiya loyihasi ovozga qo’yiladi

Bu orada, Suriyaning Hamo va Hims shaharlariga snaryadlar yog’ishda davom etayapti. Telefon liniyalari uzib qo’yilgan. Sunniylar yashovchi Bobo Amr mahallasida neft quvuri portlagan. Hukumatning bayon qilishicha, bu “terrorchilar”ning ishi.

Faollarga ko’ra, armiya Hims shahriga ikki haftadan beri ayovsiz hujumlar uyushtirmoqda va yuzlab odam halok bo’lgan. So’nggi bir yil ichida esa yetti mingdan ziyod odam nobud bo’lgani taxmin qilinadi.

BMT Xavfsizlik Kengashida Fransiya Rossiya bilan hamkorlikda yangi rezolyutsiya ustida ish boshlaganini e’lon qildi. Namoyishlar ayovsizlarcha bostirilgan hududlarga gumanitar yordam yetkazish taklifi ham ko’rib chiqiladi.

Bashar al-Assadni hokimiyatdan ketishga chaqiruvchi avvalgi rezolyutsiya Rossiya va Xitoy qarshiligi sabab ovozdan o’tmagan edi.

Suriyada yangi konstitutsiya loyihasi ovozga qo’yiladi

Ertaga Arab Ligasi o’xshash hujjatni 193 mamlakatni o’z ichiga olgan BMT Bosh Assambleyasida ovozga qo’ymoqchi. Qayd etish joiz, bu organda hech bir davlat veto huquqiga ega emas, biroq assambleya qarorlari majburiy kuchga ham ega emas.

Xitoy Vitse-prezidenti Shi Tsinping ayni damda Vashingtonda mehmon. Suriya masalasi yuqori darajali uchrashuvlarda ko’tarilgan. Xitoyning BMT rezolyutsiyalariga veto qo’yish qarorini izohlar ekan, Shi Tsinping “mintaqa barqarorligini ta’minlash birinchi o’rinda” dedi.

Rasmiy Pekin nazarida Suriya mojarosida hech bir tarafni yoqlamaslik va tashqi kuchlar aralashuviga yo’l qo’ymaslik kerak.