Tinchlik uchun Nobel kimyoviy qurollarga qarshi kurashuvchi agentlikka nasib etdi

  • Amerika Ovozi

Damashq ko'chalarida

Tinchlik uchun Nobel mukofoti bu yil Kimyoviy qurollarni taqiqlash xalqaro tashkilotiga nasib etdi. Agentlik ayni damda Suriyada ommaviy qirg’in qurollarini yo’q qilish bilan mashg’ul.

“Suriyada yaqinda bu qo’rqinchli qurol ishga solinganidan ayonki, undan tezlikda xalos bo’lish lozim. Ayrim davlatlar Kimyoviy qurollarni taqiqlash xalqaro tashkilotiga hamon a’zo emas. Ba’zi mamlakatlar, jumladan, Amerika va Rossiya ushbu vositadan hamon qutilganicha yo’q. Bu sohada jonbozlik ko’rsatayotgan tashkilotlar Nobel mukofotiga munosib”, - deydi xalqaro qo’mita rasmiysi Turbyon Yagland.

Gaagada asoslangan Kimyoviy qurollarni taqiqlash xalqaro tashkiloti 1997-yilda tuzilgan. A’zo davlatlar tomonidan moliyalanadi va 100 million dollarlik byudjeti bor. 86 davlatda 5 mingdan ziyod inspeksiyalarni amalga oshirgan.

Bu orada, inson huquqlari himoyasi bilan shug’ullanuvchi Human Rights Watch tashkiloti Suriyada isyonchilarni insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblayapti.

Latakiya viloyatida avgust oyida isyonchilar prezident Bashar al-Assad kuchlari nazorati ostidagi hududga hujum qilib, kamida 190 odamni o’ldirgan. Ular tinch aholi vakillari bo’lgan, deya bildiradi Human Rights Watch.

Asosan radikal diniy guruhlarni o’z ichiga olgan isyonchilar Latakiyada erkaklarni o’ldirib, ayol va bolalarni garovga olgan, deydi tashkilot rasmiysi Lama Fakih.

Qariyb uch yillik fuqarolar urushi Suriyada taxminan 100 ming odamni hayotdan olib ketgan. Huquq tashkilotlari prezident Assad tarafdorlarini ham g’ayriinsoniy jinoyatlarga ayblab keladi.

Quyidagi videoda Human Rights Watch rasmiysi Lama Fakih Suriyadagi ahvolni tasvirlaydi (ingliz tilida):