Panetta: Suriyadagi zo’ravonlik Assad rejimi kuni bitayotganidan nishona

  • Amerika Ovozi

Iordaniya kecha suriyalik qochqinlar uchun ilk lagerni foydalanishga topshirgan. Turkiyada esa hozir 44 mingdan ziyod suriyalik jon saqlamoqda.

Suriya shimolidagi Halab shahrida armiya va isyonchilar olishishda davom etar ekan, har ikki tomon qo’li baland kelganini da’vo qiladi. AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta fikricha, Aleppoga hujumlar prezident Bashar al-Assad ma’muriyatining kuni bitayotganidan nishona.

Armiya shaharning Salohiddin tumanini egallab, isyonchilarga qaqshatqich zarba berganini aytadi. Lekin muxolifat buni rad etib, pozitsiyalari mustahkam ekanini ta’kidlaydi.

Suriya Tashqi ishlar vaziri, Eronga safar qilayotgan Valid al-Muallim Halab ustidan nazoratni o’rnatamiz, deydi. Eron mintaqada Suriyaning eng yaqin ittifoqchilaridan sanaladi.

BMT hisobiga qaraganda, olishuvlar sababli oxirgi ikki kunda 200 ming odam hududni tark etishga majbur bo’lgan. Mintaqa notinch bir paytda odamlarga yegulik, dori-darmon, gigiyena vositalari, ust-bosh va ichimlik suvi yetkazish qiyin, deydi BMT rasmiylari.

Iordaniya kecha suriyalik qochqinlar uchun ilk lagerni foydalanishga topshirgan. Tashqi ishlar vaziri Nosir Judaning aytishicha, shu paytgacha 142 ming suriyalik qo’shni davlatdan panoh topgan. Har kuni yana 2 ming qochqin yetib kelmoqda, deydi u.

Turkiyada esa hozir 44 mingdan ziyod suriyalik jon saqlamoqda.

AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta so’zlariga ko’ra, Suriyada qon to’kilishlar avj olgani sari Assad rejimining davri poyoniga yetmoqda.

Panetta mintaqaga besh kunlik safarini boshladi. Maqsad “arab bahori”ga turtki bergan Tunis va Misr bilan harbiy aloqalarni mustahkamlash. Safar davomida vazir Isroil va Iordaniyaga ham boradi.



Uning aytishicha, Suriya rahbari Bashar al-Assad o’z xalqining boshiga qora kunlarni soldi.

“Aholiga qilayotgan muomalasidan ayonki, Assadning kuni bitmoqda. Unga ishonch qolmadi”, - deydi Panetta.

Qo’shma Shtatlar Suriyada aholiga hujumlarni to’xtatish uchun biror chora ko’rish-ko’rmasligi borasida vazir lom-mim demagan. Uning aytishicha, hukumatga iqtisodiy va diplomatik bosimni oshirishda, qochqinlarga insonparvarlik yordami yetkazishda davom etish kerak.