AQSh rahbari Barak Obama Suriya haqida xalqqa qilgan telemurojaatida diplomatik sa'y-harakatlarga yana bir bor imkon berilishi haqida gapirdi. So'nggi soatlarda ma'lum bo'lgan voqelikka ko'ra, agar Suriya xalqaro hamjamiyat nazorati ostida kimyoviy qurollarini yo'q qilsa, AQSh hujumidan omon qolishi mumkin.
Amerikaliklar orasida ham harbiy choraga qarshilar soni oshib bormoqda. Yaqinda o'tkazilgan ommaviy so'rovda ishtirokchilarning 58 foizi hujumga qarshi ekanini aytgan.
Ammo oxirgi soatlarda ayon bo'lgan yangi o'zgarishlar urush inqirozining oldini olgan ko'rinadi.
Dastlab AQSh Davlat kotibi Jon Kerri, agar Suriya xalqaro hamjamiyat nazorati ostida kimyoviy qurollaridan voz kechsa, AQSh hujumidan omon qolishi mumkinligini aytdi.
Shundan so'ng Obama xalqqa murojaat etib, Suriyaga yana bir bor imkon berilishi haqida gapirdi. Agar kimyoviy qurollar xalqaro hamjamiyat nazorati ostida yo'q qilinsa, harbiy hujumga hojat qolmaydi, dedi Obama.
Xitoy va Eron ham kimyoviy qurollarga oid yangi rejani qo'llab-quvvatlamoqda. Xitoy BMT Xavfszlik kengashining doimiy a'zosi sifatida muloqotda ishtirok etishi muhim. Eron esa Suriyaning yaqin ittifoqchisi sifatida muzokaralarga o'z ta'sirini o'tkazishga urinadi.
Ammo urush yoqasida turgan inqiroz to'la bartaraf etilgani yo'q. Rossiya prezidenti Vladimir Putin, agar AQSh va uning ittifoqchilari Suriyaga hujum qilish qaroridan qaytmasa, kimyoviy qurollarni topshirish haqidagi rejadan naf yo'qligi haqida bayonot bilan chiqdi. Bunga javoban prezident Obama harbiy choradan butunlay voz kechilmasligini ma'lum qildi.
Ayni paytda Kongressda bir guruh senatorlar Suriyani kimyoviy qurollarni topshirishga chaqiruvchi yangi rezolyutsiya ustida ishlamoqda. Ayrim qonunchilar esa hujum qilishni dastaklovchi har qanday qarorga qarshi ovoz berishini ma'lum qilgan.
Suriyadagi muxolif kuchlarning aytishicha, Bashar al-Assad rejimining kimyoviy qurollarni topshirish rejasi hiyladan boshqa narsa emas. Ular AQSh hujumining hukumatga qarshi olib borayotgan kurashlarida katta yordam bo'lishini umid qilayotgan edi.