Suriya armiyasi va muxolif jangchilar mamlakatning eng yirik shahri - Halabda dahshatli hujumlarni amalga oshirgan.
Bu hamlalar harbiy jinoyatlar va insoniyatga qarshi jinoyatga tenglashishi mumkin, deyiladi inson huquqlari bo'yicha Xalqaro Amnistiya tashkilotining bugungi hisobotida.
Halabda yashab ishlagan yuzdan ziyod odam bilan suhbat qilgan tashkilotning aniqlashicha, yanvardan beri shaharning gavjum joylari, xususan, bozor, masjid, kasalxonalarga ichiga temir-tersak va kimyoviy modda solingan bombalar tashlangan.
Ham isyonchilar, ham armiya qaramay-netmay yoppasiga o't ochgan, odamlarni o'g'irlab azoblagan. Biroq aksariyat huquqbuzarliklarni hukumat kuchlari sodir etgani aytiladi.
Xalqaro Amnistiya Suriyada jang qilayotgan tomonlarni odddiy aholiga qarshi hujumlarni bas qilishga, qiynoq va odam o'g'irlashlarni bas qilishga undayapti. Tashkilot BMT Xavfsizlik Kengashini Suriyadagi ahvolni Xalqaro jinoiy sudga oshirishga chaqirmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5