AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining ta'kidlashicha, Suriya rahbari Bashar al-Assad hokimiyatdan ketishi lozim, buni esa muzokara orqali hal qilsa bo'ladi.
Kerri Yevropadagi ittifoqchilar bilan Suriya masalasini muhokama qilmoqda. Rossiya va Eron Assadni muzokaraga ko'ndira oladi, deydi AQSh bosh diplomati.
Rossiyaning Suriyani harbiy jihatdan qo'llab-quvvatlashi yangi bosqichga kirayotgan ko'rinadi. AQShning tasdiqlashicha, sohilbo'yi Latakiya shahridagi havo bazasiga "Suxoy" rusumidagi jangovar samolyotlar va vertolyotlar yetkazilgan.
Ismini oshkor etmagan razvedka xodimining "Amerika Ovoziga" aytishicha, Moskvaning asl maqsadi noma'lum. Dastlabki xulosa shuki, Rossiya Suriya havo kuchlariga, shuningdek, gumanitar maqsadlarda madadni oshirmoqda.
So'nggi ma'lumotlarga qaraganda Suriyadagi bazada rus harbiylari soni 500 ga yetgan.
Xalqaro koalitsiya bir necha oydan buyon Suriyaning jangarilar nazoratidagi hududlarini bombardimon qilmoqda. Harbiy xatolar va talafotlarni bartaraf etish uchun AQSh va Rossiya ma'lumot almashishga kelishib olgan.
Davlat kotibi Jon Kerrining ta'kidlashicha, Rossiya "Islomiy davlat"ga qarshi kurashga jadal kirishgani Suriya mojarosini diplomatik yo'l bilan hal qilish uchun yana bir imkoniyatdir.
Maqsadimiz bir - "Islomiy davlat" guruhini yengish, deydi Kerri. Ammo AQShning pozitsiyasi shuki, Suriya kelajagida amaldagi Prezident Bashar al-Assad uchun joy yo'q, Moskva esa Assadning eng yaqin ittifoqchilaridan.