Suriyada aholi o'qlar yomg'iri ostida

  • Amerika Ovozi

Himsda qurolli kuchlar olib borayotgan amaliyotlar, sun'iy yo'ldosh orqali olingan tasvir

Suriyada bu hafta hukumat namoyishchilarga qarshi harbiy choralarni kuchaytirib, qozg’olon markazi hisoblangan Hims shahri hamon o’qlar yomg’iri ostida. Idlib viloyatida ham vaziyat og'ir ekani ma'lum.

300 dan oshiq fuqaro o’lgan, deya bildiradi inson huquqlari tashkilotlari. Bugunning o'zida 50 dan ziyod. Guvohlarning aytishicha, ko'chalarda jasadlar yotibdi. Himsda hayot to'xtab qolgan, deydi ular.

Bu ma’lumotni mustaqil ravishda tasdiqlash uchun imkoniyat yo’q. Hukumat bu borada og’iz ochmaydi. Axborot vositalarini esa hududga kiritmayapti.

Brigada generali Isa al-Xuliy uyi oldida otib o'ldirilgan

Bugun Damashqda qurollangan to’da brigada generali Isa al-Xuliyni otib o’ldirgan. Jangari kuchlar va armiya tun bo’yi poytaxt ko’chalarida olishgan.

Kecha shimoldagi Aleppo shahridagi portlashlarda 28 kishi halok bo’lgan. Suriya rahbariyati bu terrorchilarning ishi deydi.

Xalqaro hamjamiyat Bashar al-Assad boshliq tuzumga nisbatan bosimni oshirishga urinmoqda.

Damashq

G’arb davlatlari, shuningdek BMT va Arab Ligasi nazarida Bashar al-Assad o’z xalqining qotili va hokimiyatni bo’shatishi kerak.

Lekin Suriya rahbari unga qarshi qozg’olonni jinoyatchi va terrorchi kuchlar ishi deb biladi va ularga qarshi har qanday chora ko’rishga tayyor ekanini aytib kelmoqda.

Muxolifat bilan muzokara qilinadi, deydi Bashar al-Assad, lekin hokimiyat o’zgarmaydi.

Aleppo shahri ko'chalaridagi jasadlar

Namoyishchilar esa ortga qaytmasligini, Bashar al-Assad terroristlar deb atayotgan odamlar aslida tuzumdan to’ygan yoshlar va ota-onalar ekani ma’lum.

O’tgan yilning mart oyida boshlangan va shu kungacha davom etayotgan qo’zg’olonda shu paytgacha 6000 dan oshiq odam halok bo’ldi, ko’pi qurolli kuchlar o’qidan. BMT hisobicha, o’lganlar orasida bolalar yuzlab sonni tashkil etadi. Tashkilotning bildirishicha, hozir jasadlarni sanash uchun imkoniyat mavjud emas.