Rossiya Suriyadagi zo’ravonlikni qoralab chiqdi

  • Amerika Ovozi

Rossiya Suriyadagi zo’ravonlikni qoralab chiqdi

Suriyadagi isyonkor shahar – Himsda bugun 200 ming fuqaro yig’ilib, Bashar al-Assad hukumatiga lan’atlar aytmoqda. To’qqiz oydan beri davom etayotgan ommaviy chiqishlarning eng yirigi bu.

Faollar va guvohlarning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, zobitlar juma namozidan keyin ko’chaga chiqqan fuqarolarni o’qqa tutgan. Hims shahrida bir kishi o’lgani, ikki bola jarohat olgani haqida ma’lumotlar bor.

Suriya sharqidagi Deir al-Zur shahrida ham armiya namoyishchilarni qurol bilan to’xtatishga harakat qilgan. O’lganlar bor.

Rossiya Suriyadagi zo’ravonlikni qoralab chiqdi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisob-kitobiga qaraganda, fevral oyidan beri to’qnashuvlarda besh ming odam halok bo’lgan. Suriyaning BMTdagi elchisi Bashar Ja’fariy “bu qip-qizil yolg’on”, deydi.

Bu orada, BMT Xavfsizlik Kengashida Suriya bo’yicha kechayotgan munozaralar joyidan siljiganday.

Rossiya, kutilmaganda, xunrezlikni qoralovchi rezolyutsiya loyihasi bilan chiqdi. AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton bu tashabbusni olqishlagan.

Hujjatda Bashar al-Assad hukumatiga qarshi yangi sanksiyalar haqida hech narsa deyilmasa-da, Xitoy bilan birgalikda avvalgi rezolyutsiyalarni to’sgan Rossiya bunday taklif bilan chiqishining o’zi katta gap, deydi diplomatlar.

Rossiyaning pozitsiyasi shuki, Suriyada qon to’kilishiga ham hukumat, ham muxolifat aybdor. BMT hujjatlarida bu aks etishi shart. Shuningdek, Suriyaga chetdan noqonuniy tarzda qurol-yarog’ yetkazilayotgani tilga olinadi.

Rossiya Suriyadagi zo’ravonlikni qoralab chiqdi

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klintonning aytishicha, Rossiya olg’a surayotgan loyiha AQShga mavjud ko’rinishida ma’qul emas, ammo uning ustida ishlasa bo’ladi.

“Takliflarni yaxshilab o’rganib chiqamiz. Arab Ligasi bilan ham maslahatlashish kerak”, - deydi Klinton. Britaniya va Fransiya ham shu fikrda.

“Human Rights Watch” inson huquqlari tashkiloti Suriyada qotillik va qiynoqlar uchun javobgar deb ko’rilayotgan 70 rasmiy va qo’mondonning ism-sharifini e’lon qildi.

Matbuotga bergan intervyularida prezident Bashar al-Assad mas’uliyatni o’zidan soqit qilmoqchi bo’lsada, buyruqni berayotgan uning o’zi, deydi tashkilot ekspertlari. Razvedka va sobiq harbiylardan olingan ma’lumot shundan dalolat bermoqda.

“Rossiya va Xitoy Xavfsizlik Kengashi o’z ishini bajarishiga ortiq to’siq bo’lmaydi degan umiddamiz. Suriya bo’yicha so’nggi hisobotimizni Rossiyadan turib e’lon qilganimiz bejiz emas. Kremlga prezident Assadning jinoyatlari haqida dalil-isbot kerak bo’lsa, mana biz ta’minlab berayapmiz”, - deydi “Human Rights Watch” vakili Sara Vitson.