Suriya prezidenti siyosatini oqlamoqda, AQSh esa ishonmayapti

  • Amerika Ovozi

Suriyaning Idlib shahrida namoyishlar. 2-dekabr, 2011-yil

Suriya prezidenti Bashar al-Assad AQShning "ABC News" telekompaniyasiga bergan intervyusida hukumatga qarshi namoyish qilgan minglab odamlarni qirishga buyurganini inkor etgan.

"Prezident bo'lganim bilan xunrezliklarga mas'ul kuchlar ustidan nazoratim yo'q", - deydi Assad.

Uning aytishicha, qonli siyosat va ayrim rasmiylar xatosi o'rtasida katta farq bor.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Suriyada mart oyida namoyishlar boshlanganidan beri 4000 odam o'lgan, deydi, ammo prezident Assad nazarida bu xato ma'lumot.

Davlat departamenti matbuot kotibi Mark Toner Qo'shma Shtatlar pozitsiyasini bildirar ekan, Suriya prezidentini tinch muxolif harakatni ayovsiz bostirganlikda aybladi.

"Hozir esa Assad boshqaruv to'liq qo'limda emas degan bahona bilan o'zini oqlashga harakat qilmoqda", - deydi Toner.

AQSh Davlat kotibi Xillari Klinton kecha Jenevada Suriyaning yetakchi muxolifatchilari bilan uchrashgan. Ular Assad hokimiyatiga qarshi kurash maqsadida Turkiyada tashkil topgan Suriya Milliy kengashi a'zolari.

Klintonning aytishicha, mamlakatda qonun ustuvorligini, fuqarolarning dini, jinsi va mazhabidan qat'iy nazar barcha huquqlarini ta'minlash bosh vazifa.

Bu o'rtada AQSh elchisi Robert Ford Suriyaga qaytgan. Davlat departamenti uni oktabr oxirida Vashingtonga chaqirtirgan edi. Xavfsizlik chorasi sifatida. Elchi Ford muxolif yetakchilar bilan uchrashib, namoyishchilar bilan birdam ekanini aytib Suriya rahbariyatini g'azablantirgan edi.