AQSh va BMT Suriyada yangi qatliom ehtimolidan xavotirda

  • Amerika Ovozi

Suriyaning Hims shahri, havaskor surat, 11-iyun, 2012-yil

Huquq faollariga ko'ra, al-Haffeh vertolyot va tanklardan o'qqa tutilgan. BMT kuzatuvchilarini shaharga kiritishni so'ramoqda.
BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun va Suriya bo'yicha maxsus vakil Kofi Annan rasmiy Damashqdan al-Haffeh shahriga BMT kuzatuvchilarini kiritishni so'ragan.

Qo'shma Shtatlar xavotiriga ko'ra, Suriya kuchlari shimoli-g'arbdagi bu shaharda aholini qirishni rejalamoqda. Suriyalik huquq faollariga ko'ra, shahar vertolyot va tanklardan o'qqa tutilgan.

"Kuzatuvchilar shaharga kirib, vaziyat bilan tanishishi lozim", - deydi bosh kotib.

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Viktoriya Nulandning aytishicha, isyonchilar faol Dar'o, Dayr al-Zur, Hamo va Hims shaharlariga ham yangi hujumlar hozirlanmoqda.

"Suriya xavfsizlik kuchlari bungacha qo'llanilmagan usullarni ishga solmoqda, ya'ni tinch aholini vertolyotdan o'qqa tutmoqda", - deydi Nuland.

BMT kuzatuvchilari AQSh da'volarini tasdiqlab, bu holni o'z ko'zi bilan ko'rganini aytadi.

Nulandning aytishicha, Qo'shma Shtatlar Suriya hukumatiga diplomatik bosim qo'yishda davom etadi.

"Chetdan harbiy kuchlar aralashsa, mojaro katta urushga aylanib ketadi", - deydi u.

Huquq tashkilotlaridan olingan ma'lumotga ko'ra, kecha armiya va isyonchilar hujumlari natijasida mamlakat bo'ylab 63 odam va 21 askar o'lgan.
"O'rtada bolalar aziyat chekmoqda".
Human Rights Watch bayonotidan.


BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Xavfsizlik Kengashiga hisobot yuborib, Suriya harbiylari bolalardan jonli qalqon sifatida foydalanmoqda, maktab avtobuslarini harbiy transportga aylantirishdi, deya afsus bildirgan.

Inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi Human Rights Watch xalqaro tashkiloti Xavfsizlik Kengashini Suriyaga qurol embargosi kiritishga chaqirmoqda.

"O'rtada bolalar aziyat chekmoqda" deyiladi guruh murojaatida.