Qonga botgan Suriyada xalqaro kuzatuvchilar ish boshladi

  • Amerika Ovozi

Qonga botgan Suriyada xalqaro kuzatuvchilar ish boshladi

Suriyada kechagi qonli portlashlarda halok bo’lgan 44 kishi dafn etildi. Arab Ligasi kuzatuvchilari Suriyaga kelganidan bir necha soat o’tmay, poytaxt Damashqda, xavfsizlik idoralari yonida mashinalar portlab, yana 150 odam jarohatlangan edi.

Rasmiylarning aytishicha, bu al-Qoidaning ishi. Muxolifatning da’vo qilishicha esa jinoyat ortida hukumatning o’zi turgan bo’lishi mumkin.

Arab Ligasi yuborgan delegatsiya 12 kishidan iborat, yaqin orada yana 150 kuzatuvchi qo’shiladi. Ularning vazifasi – monitoring. Bashar al-Assad hukumati xunrezlikni bas qilish haqidagi va’dalarini bajaryaptimi-yo’qmi, vaziyatga baho berish.

Qonga botgan Suriyada xalqaro kuzatuvchilar ish boshladi

BMT hisob-kibotiga qaraganda, Suriyada hukumatga qarshi sakkiz oylik isyonda 5 mingdan ziyod odam o’lgan.

Arab Ligasi vakillarining tashrifi vaziyatni o’zgartira olishiga ishonch past.

“Ular mamlakat bo’ylab erkin harakatlana olishi zarur, aks holda biror ta’siri bo’lmaydi. Suriya hukumati bilan ana shu masala yuzasidan muzokara ketmoqda”, - deydi siyosatshunos Shashank Joshi.

Assad ma’muriyati kuchli xalqaro bosim ostida inspektorlar kelishiga ruxsat bergan. Xorijiy jurnalistlar mamlakatga qo’yilmasada, armiya namoyishchilarni o’qqa tutayotgani tasvirlangan video-lavhalar internetga deyarli har kuni qo’yiladi.

BMT Xavfsizlik Kengashi hozirgacha zo’ravonlikka nuqta qo’yish uchun effektiv chora bilan chiqqan emas, asosiy sabab – Rossiya va Xitoy qarshiligi.

Rossiyaning BMTdagi elchisi Vitaliy Churkin yangi sanksiyalar qo’yish bilan muammo hal bo’lmaydi, deydi. Kreml ittifoqchi davlatga qurol-yarog’ embargosi qo’yilishiga ham qarshi.

Neft – Suriya uchun asosiy daromad manbai. Mavjud sanksiyalar sabab ishlab chiqarish hajmi 35 foizga kamaygan.