Xalqaro hamjamiyat Suriyada jang qilayotgan tomonlardan oddiy aholini och-nahor saqlashni bas qilib, ularni qurol qilmaslikni talab qilmoqda.
Jahon ahli jo'natayotgan gumanitar yordam sekin-asta ayrim shaharlarga yetib borayapti. Lekin BMT Bosh kotibi Pan Gi Munning aytishicha, tuz totmayotgan minglab odamlar hanuz jang qilayotgan taraflar qo'lida qo'g'irchoq.
"Ochlikni qurol qilish harbiy jinoyat bilan tengdir", - deydi Pan Gi Mun. Suriyada urishayotgan hamma kuchlar va ayniqsa, hukumat bunda aybdor, deydi u.
Suriyaning isyonchilar nazoratidagi Fua, Kefraya va Madaya shaharlari tezkor insonparvarlik yordamiga muhtoj, deydi Pan Gi Mun. Shaharlarni hukumat kuchlari qamal qilib kelmoqda.
Eslatish joiz, 25-yanvarda Jenevada Suriyada tinchlik qaror topishiga doir xalqaro muzokaralar o'tishi kerak.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va AQSh bosh diplomati Jon Kerri kelasi chorshanba kuni Shveytsariyada ko'rishib, Suriya borasida gaplashib olishga kelishdi. Ikki davlat rahbarlari Vladimir Putin va Barak Obama bu haqda telefon orqali so'zlashib olgach, diplomatlarga shunday ko'rsatma berilgan.
Bu orada, Jenevada Suriya bo'yicha xalqaro muloqot o'tish-o'tmasligi hozir savol ostida, deydi kuzatuvchilar. Chunki aholisi asosan sunniylardan iborat Saudiya Arabistoni yaqinda taniqli shia ulamoni qatl etgan, ketidan aksariyat aholisi shia bo'lgan Eronda Saudiya Arabistonining elchixonasi hujumga uchragan edi. Ikki davlat aloqalari tarang. Holbuki, Riyod Suriyadagi tarqoq isyonchi kuchlarni to'plab, xalqaro muzokaralarga ko'ndirgan. Eron esa Suriya rahbariyatini qo'llab-quvvatlab keladi.
Jon Kerri payshanba kuni Londonda Saudiya Tashqi ishlar vaziri Odil al-Jubayr bilan ko'rishdi. "Suriyadagi tanazzulga barham berish yo'lida birga ishlash ahdida qat'iymiz", - deydi Amerika diplomati. Mintaqa tashqi kuchlar aralashuvisiz tinch va barqaror hayot kechirishini istaymiz, deydi Kerri.
Dekabrda BMT Xavfsizlik Kengashi Suriyada besh yillik urushni tugatishga doir tinchlik rejasini bir ovozdan yoqlagan edi. Jenevada ana shu reja ijrosi ko'rib chiqilishi kerak. Rejada Prezident Bashar al-Assadning taqdiri haqida lom-mim deyilmaydi.