Assad shanbadan boshlab sulhni amalga oshirishga rozi

  • Amerika Ovozi

Assad va Putin chorshanba telefonda gaplashib, "Islomiy davlat" va Jabhat al-Nusra kabi terrorchi guruhlarga qarshi kurashish zaruratini ta'kidlagan.

Suriya Prezidenti Bashar al-Assad Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan muloqotda shanbadan e'tiboran otishmani to'xtatish rejasini amalga oshirishga rozi ekanini aytgan.

Ikki rahbar chorshanba telefonda gaplashib, "Islomiy davlat" va Jabhat al-Nusra kabi terrorchi guruhlarga qarshi kurashish zaruratini ta'kidlagan.

Amerika va Rossiya olg'a surgan sulh rejasida bu jangari to'dalar bilan olishuvni to'xtatish nazarda tutilmagan.

Suriyada jang qilayotgan boshqa isyonchi guruhlar jumaga qadar sulhga rozi-rozi emasligini aytishi kerak.

Asosiy muxolif guruhning avvalo talabi shuki, gumanitar yordam eltib berilsin, shaharlarni qamal qilish bas qilinib, aholi manzillari bombardimon qilinmasin.

Amerika Davlat kotibi Jon Kerri nazarida otishmani to'xtatishga doir kelishuv besh yildan beri tinim bilmayotgan Suriya uchun muhim qadam. U bu haqda seshanba kuni Senatdagi tinglovda so'zladi.

Otishmani bas qilish bitimi buzilgan taqdirda nima bo'ladi, degan savolga Kerri ayni damda bunga javob izlayapmiz, deydi.