Badaxshon tinch, deydi Tojikiston ziyolilari

Badaxshon, 24-iyul, 2012

Tojikistonning Tog’li Badaxshon viloyati markazi Xorug’ shahrida yozda bo’lib o’tgan qonli to’qnashuvlar haqida mamlakatning o’zida va xorijda fikrlar turlicha. Ayniqsa, Rossiya matbuotida Tojikiston yana fuqaro urushiga tortilmoqda degan iddaolar yangragan. Yaqinda Badaxshonda bo’lgan prezident Imomali Rahmon yurt osuda ekanini ta’kidlagan.

Hukumat va jangarilar orasida kechgan janglar ketidan ba’zi manbalarda go’yoki Amerika, Afg’oniston Badaxshoni va Xitoy yerlarini ham o’z ichiga olgan yangi Badaxshon davlati qurishdek xufiyona rejaga ega degan gaplar paydo bo’lgan edi.

Taniqli tojik siyosiy tahlilchisi, jurnalist Jo’ra Yusufiy fikricha bular g’irt safsata.

“Men Afg’oniston badaxshonliklari bilan aloqaga egaman. Ular hech vaqt Tojikiston parchalanishini istamaydi. Bunaqa gaplar uchinchi kuchlar tomonidan o’ylab topiladi. Aynan shu kuchlar Tojikistonni urush girdobiga tortmoqda”.

Keyingi vaqtlarda, deydi u, shimoldagi matbuot va efirdan tojik oppozissiyasi deb atalganlarga joy berayotgan ruslarning o’zi g’alamislik qilmoqda. Tahlilchi asosiy aybdor Rossiya deydi.

“Chunki, masalan, Xitoy Tojikiston beqaror bo’lishidan, bu yerdagi ko’plab reja va loyihalari barham topishidan hech qanday manfaatga ega emas. Kimlardir aytayotgan Amerikaning ham qo’li borligi kulgili. Chunki, Amerika ham Afg’oniston chegarasida yana bir xatarli o’choq paydo bo’lishini istamaydi. Bu yerda faqat Rossiya manfaatlarini ko’rish mumkin”.

Тog’li Badaxshon muxtor viloyatiga safar qilgan mamlakat prezidenti Imomali Rahmon Xorug’ shahrida mahalliy aholini hushyоrlikka da’vat qilarkan, o’tgan hodisalarda kuch tizimlarining ham aybi borligini ta’kidlab o’tgan. U bundan keyin jinoyatchilar bilan kelishmasligiga urg’u berdi.

“Dunyoning biror yerida mamlakat rahbari jinoyatchilar bilan kelishmaydi, uchrashmaydi. Biz shu paytgacha avf qilib keldik. Endi qonun ustuvorligini ta’minlashimiz zarur”,- dedi u.

O’zbek ziyolisi Gavhar Soliyeva Badaxshondagi holatni mahalliy matbuot orqali kuzatib borayotganini aytib, Rossiyadan berilayotgan xavotirli tahlillarni inkor qiladi.

“Yoq, bu bo’lmagan gap. Fuqarolar hammasi joyida turibdi. Hech qanday urush yo’q, hammayoq tinch”,- deydi u.

Your browser doesn’t support HTML5

Badaxshon tinch, deydi Tojikiston ziyolilari/Ravshan Shams



Hozir Sankt-Peterburg shahrida ishlayotgan Ziyo ismli pomirlik yigit Badaxshonda to’kilgan qon uchun mavjud hukumatni hecha qachon kechirmasligi va ular bilan kurashishini aytadi.

Bu kurash qanday bo’ladi degan savolga u “Biz tinch yo’l bilan, yoshlarni yangi hayotga tayyorlash bilan ish olib boramiz. Saylovlarda faol ishtirok etamiz” - deb javob qiladi.

Ayrim tahlilchilar nazarida Tojikistonda sunniy va shia manzablari o’rtasida nizo chiqishi mumkin.

Jurnalist Jo’ra Yusufiy fikricha, bunday deyishga hech qanday asos yo’q.

“Bu ikki mahzab Tojikistonda shunchalar birlashib ketdiki, bundan boshqa musulmon mamlakatlarida mahzablar o’rtasidagi janglarni bartaraf etishda namuna sifatida foydalanish mumkin”,- deydi u.

Jahon ismoiliylari rahnamosi Og’oxon hazratlarini Tojikistonga rasman taklif qilingani, poytaxt Dushanbeda shialar uchun yerik masjid qurilganini misol keltirarkan, Yusufiy butun mintaqada mazablararo nifoqlar hech qachon bo’lmaydi deya ishonch bildiradi.