Islomiy partiya: Tojikiston dunyoviy, demokratik davlat bo'lishi kerak

Tojikiston Islomiy Uyg’onish Partiyasi raisi Muhiddin Kabiriy Vashingtonda ilm-fan arboblari, siyosatdonlar va jurnalistlar bilan suhbatda, 16-oktabr, 2012

Tojikiston Islomiy Uyg’onish Partiyasi raisi Muhiddin Kabiriy shu kunlarda Amerikaga safar qildi. Davlat departamentida Janubiy va Markaziy Osiyo bilan aloqalarga mas'ul Robert Bleyk huzurida bo'ldi. Shuningdek, Nyu-Yorkda tojik diasporasi bilan uchrashdi. Siyosatdonlar va jurnalistlar bilan muloqot qilgan arbob deydiki, uning davlati – musulmon va o’ziga xos madaniyat va mentalitetga ega jamiyat.

Ammo, deydi u, Tojikiston Yevrosiyoning ajralmas qismi va faqat taraqqiyot sari qadam tashlashi lozim. Repressiya yoshlarni radikalizmga yetaklaydi, xalqning ongi pasayib, umidlari so’nadi, deydi Kabiriy.

Islomiy partiya rahbari vatanini biror boshqa musulmon davlatga qiyoslamaydi, kelajakni Britaniya singari tuzumlarda ko’radi.

“Biz ham ularga o’xshab, ham dinni, ham madaniy-ma’naviy qadriyatlarimizni o’zida mujassam etgan erkin va ochiq jamiyatga aylanishimiz kerak”,- deydi u.

Zamonaviy kiyingan va nutqini bismillohdan boshlagan Kabiriy Vashingtondagi ilmiy tahlil markazlaridan birida so’zlar ekan, u boshliq partiya avvalo “tabiiy siyosiy kuch” ekaniga urg’u beradi.

To’g’ri, deydi u, Markaziy Osiyoda undan boshqa islomiy partiya rasman tan olinmagan va u singari parlamentda o’ringa ega emas.

Bugun 40 mingdan oshiq a’zoli Tojikiston Islomiy Uyg’onish Partiyasiga 1973-yilda asos solingan. Boshida yoshlar harakati bo’lgan. 1989-yilda Moskvada ro’yxatdan o’tgan.

Partiya 1990-yillardagi urushda ishtirok etgan. Tinchlik muzokaralari va mojarodan keyingi hayotda muhim rol o’ynagan.

Hozirga kelib, u prezident Imomali Rahmon yetakchi Demokratik partiyadan keyingi ikkinchi yirik siyosiy guruh. Bu degani, mamlakatdagi eng katta muxolifat.

A’zolarining ko’pchiligi – xotin-qizlar. Erkaklarning ko’pi chetga ish izlab ketgani, oilani tebratish asosan onalar bo’ynida ekani, shuningdek, davlat xizmatidagi erkaklar muxolifatga qo’shilishga qo’rqqani uchun ham, ayollar bu partiyaga kiradi, deya tushuntiradi Kabiriy.

Islomiy partiya islomiy tuzum tarafdori desangiz adashasiz. Uning asosiy maqsadlari, deydi u, tinchlik-farovonlik, demokratiya, erkinlik, oshkoralik va taraqqiyotni targ’ib qilish. Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni ko’zlovchi dasturlar orqali xalqqa yordam berish.

Lekin partiyaning moliyaviy salohiyati cheklangan. Madad so’rab kelganlarga xizmat ko’rsatishga harakat qilamiz, masalan o’qituvchi, talabalar yoki sportchilar. Xayriyadan tushgan pul va a’zolar to’lagan badal – asosiy manbalar, deydi Kabiriy.

Partiya vakillari dindor, ammo mutaassiblikdan yiroq, deydi arbob. Bu yili Tog’li Badaxshon viloyatida kuzatilgan qurolli olishuvda bizning qo’limiz yo’q, u yerdagi jangarilar fuqaro urushidan qolgan odamlar, ularning islomga aloqasi ham yo’q, deydi Kabiriy.​

Islomiy partiya Tojikistonda qabul qilingan ayrim qonunlardan norozi. Biri maktab yoshidagi bolalarning masjidga qatnashini taqiqlaydi, yana biri diniy faoliyatni cheklaydi, deya talqin qiladi Kabiriy.

"Bu qonunlar davlat uchun uyat. E’tiqod erkinligi demokratiya asoslaridan biri emasmi"? - deya so’raydi u.

Bu tanqidga hukumat ekstremizmga qarshi kurash shunday choralar talab qiladi deya javob bermoqda. Lekin Kabiriy fikricha bu qonunlar yoshlarni, ayniqsa o’smirlarni mutaassib to’dalar quchog’iga otmoqda, yashirin guruhlar vujudga kelmoqda.

Tojikistonda ayrimlar bu partiyani zamonaviylikda ayblab, islomiy mafkurani olg’a surmayotganlikda tanqid qiladi. Muhiddin Kabiriy hokimiyatga kelish uchun demokratiya va farovonlik haqida gapirib, oddiy xalqning qo’ynini puch yong’oqqa to’ldirmoqda degan fikrlar ham yangraydi.

Kabiriyning aytishicha, kelasi yilgi prezident saylovlarida qatnashish, nomzod ko’rsatish haqida hali biror qarorga kelinmagan. 2006-yilda ham rahbarlikka bu partiyadan hech kim da'vogarlik qilmagan.


Partiya saylov qonunlari o’zgartirilishini talab qilmoqda. Ro’yxatdan o’tish, uchastkalar tashkil etish, ovozlarni hisoblash va e’lon qilish bobida fundamental islohotlar amalga oshirilishi shart, deydi Kabiriy amaldagi tartibni qoralar ekan. Lekin parlament ularni ma’qullamasligi aniq.

Kabiriy nazarida Tojikiston va umuman butun Markaziy Osiyoda “radikal” degan so’zning mag’zini chaqib olish kerak.

Diniy radikalizm va ekstremizm, ya’ni zo’ravonlikni targ’ib qilish, mutaassiblik boshqa narsa, deydi u.

Ammo iqtisodiy jihatdan nochor, ishsizlik keng va korrupsiyaga botgan jamiyatlarda radikal o’zgarishlar, ya’ni tub islohotlar qilish kerak deb chiqqan tomonlarni tuzum yoki xalq dushmani deb qoralash adolatdan emas, deydi u.

Afsuski, deydi Kabiriy, yakkahokimlik chuqur ildiz otgan jamiyatlarda hukumat har qanday narsani bahona qilib, odamlarni siquvga olishi mumkin.

Rahbarlarning shaxsiyati muhim faktor, deydi u. Masalan, Tojikiston va O’zbekiston orasida suv va GESlar bo’yicha kelishmovchilik aslida prezidentlarning o’jarligi va manmanligidan kelib chiqadi.

Birinchidan, deydi u, ikki davlat o’rtasida viza tartibini bekor qilish kerak. Ikkinchidan esa, ikki rahbar suv har bir tomon uchun qanchalik zarur resurs ekanini tan olib, murosa yo’lini izlashi lozim.

Markaziy Osiyo davlatlari o’z suvereniteti va mustaqilligini saqlab qolgan holda, mintaqaviy integratsiya, iqtisodiy birdamlikka erishishi mumkinmi degan savolga, Muhiddin Kabiriy shunday javob beradi: “Albatta mumkin, qachonki tuzumlar avtoritar bo’lmasa, demokratik boshqaruv qaror topsa”.


Your browser doesn’t support HTML5

Tojikiston Islomiy Uyg'onish Partiyasi raisi Muhiddin Kabiriy bilan davra suhbati/Navbahor Imamova