Tojikistondagi jangari xurujlari nafaqat Markaziy Osiyo bo’ylab, balki Rossiyada ham tashvish uyg’otmoqda. Rasht vodiysida sodir etilgan hujum jamoatchilik orasida shov-shuvga sabab bo’lib, terrorizmga qarshi kurash va shu kungacha ko’rilgan xavfsizlik choralari nima samara berdi degan savollar yangramoqda.
Pomir tog’lari uzra harbiy vertolyotlar uchib, jangari kuchlarni izlamoqda. Ikki kun oldin so’lim bu vodiyda qurollangan guruh askarlarga hamla qilinib, 25 nafarini o’ldirgan va 20 zobitni qattiq yaralagan.
Mintaqada ektremist kuchlar va qoradori savdosi chuqur ildiz otgani haqida ogohlantirib kelayotgan ziyolilar so’nggi voqealardan hayron emas.
Bu borada uzoq yillardan beri izlanib kelayotgan amerikalik olim Kevin Jouns (Kevin Jones) fikricha, Tojikistonda vaziyat juda qaltis, har tomonlama.
“Afg’oniston bilan chegaralar puxta nazorat qilinmaydi. Yashirin so’qmoqlar bor. Kirib-chiqish qiyin emas”, - deydi tahlilchi.
Gap bu yerda Tojikistonning janubi-sharqiy qismlari haqida ketmoqda. Respublika va Afg'oniston orasidagi chegara, asosan Amudaryo va Panj daryosi bo'ylab, 1206 kilometrga cho'zilgan.
Hindiston, Rossiya va AQSh Tojikiston hukumatiga mana bir necha yildirki alohida yordam ajratib, harbiy sohada ko’maklashib keladi. Qurolli kuchlar safarbar etiladi. Shunga qaramay, nafaqat chegara hududlarida hatto poytaxt atrofida ham jangari xurujlari tez tez ro’y berib turadi.
Shu yilning 22 avgustida Dushanbedagi qamoqxonadan 25 mahbus qochgan, olti qo’riqchini o’ldirib. Prezident saroyidan uncha uzoq bo’lmagan yerda yuz bergan bu voqea Imomali Rahmonni g’azabga keltirib, xavfsizlik organlari boshida turgan bir necha kishi ishdan olingan edi.
Oradan bir necha kun o’tmay, Tojikiston shimolida militsiya boshqarmasida bir kishi o’zini portlatdi. Ikki xodim o’ldi.
Dushanbedagi tungi klub portlatildi. Olti kishi jarohatlandi.
Bularning ortida, deydi yetakchi tadqiqotchilar, 1990-yillarda Tojikistonda hokimiyat uchun kurashgan radikal kuchlar va ularga ergashgan yosh avlod vakillari turibdi.
Xalqaro bo’hronlarni o’rganuvchi tashkilotning mintaqadagi bosh eksperti Pol Kvin Jaj (Paul Quinn Judge) jangarilarning yangi nasli haqida gapiradi.
“Bular islomiy kuchlarning bugungi bo’g’ini. Ular Tojikistonning hozirgi hayotida biror imkoniyat yoki o’rin ko’rmaydi. Afg’oniston yoki Shimoliy Kavkazdagi jangarilardan o’rnak olib, ulardek “qahramon” bo’lishga bel bog’lagan”.
Bugun millionlab Markaziy osiyoliklar, xususan, o’zbeklar va tojiklar Rossiya eshigida xizmatkorlik qilib, yurtidagi oilasini boqadi. Ular Rossiya uchun arzon ishchi kuchi, ammo mintaqadagi jamiyatlarda qashshoqlik keng qanot yozib, yoshlarning radikalizmga berilayotgani bu davlatni jiddiy o’ylantirishi, xavotirga solishi muqarrar, deydi rus ziyolilari.
Tojikistonda rus aholi soni 90 foizga kamaygan va rus tili endi rasmiy zabon emas. Nikoh va oilaviy masalalarda dunyoviy qonun-qoida emas, shariatdan gap ochiladi. Eng mutaassib oqim deya tanilgan vahobiylikni targ’ib qiluvchi Saudiya Arabistoni Dushanbeda masjid bunyod etmoqda. U Markaziy Osiyodagi eng yirik masjid bo’ladi.
Tojik jamiyati tamoman islomiylashmoqda, deydi rus sharhlovchilari. Buning ta’siridan qo’rqmay iloj yo’q. Rossiyada kamida bir million tojik muhojir ishchi bor.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi qoshidagi Diplomatik Akademiya tadqiqot markazi rahbari Yevgeniy Bajanov fikricha, Markaziy Osiyodagi radikalizm otashi “bizga yetmaydi deyish katta xato bo’ladi”.
“Mutaassib kuchlar Tojikiston va qo’shni davlatlarda qanchalik oyoqqa tursa, bizga nisbatan shuncha ko’proq xavf soladi. U yerda ruslar ko’p. Biz harbiy va iqtisodiy manfaatlarga egamiz . Region biz bilan chegaradosh. Ular bilan savdo qilamiz. Markaziy Osiyo orqali Xitoy bilan hamkorlik qilamiz. Hindiston bilan aloqalarimizda ham mintaqa muhim rol o’ynaydi. Islomiy kuchlar ektremizm urug’ini faqat Markaziy Osiyo bo’ylab emas, Rossiyaga ham sochmoqchi ekani aniq”,- deydi Bajanov.
Rossiya diplomati nazarida radikalizmga qarshi harakatlarni uning davlati, AQSh va Xitoy bir yoqadan bosh chiqargan holda olib borishi kerak. Jangarilar umumiy dushmanmi, ularga qarata bir ovozda gapirish, bir strategiya asosida chora ko’rish kerak.
Amerikalik tahlilchilar fikricha esa bu kurashga mahalliy ziyoli va mutaxassislarni jalb etish kerak. Muammo kaliti qayerda ekanini ular biladi. Mahalliy boshqaruvni yaxshilash, islohotlarga zo’r berish kerak, deydi ular.