Tojikiston xavfsizlik xizmati Rasht vodiysida xuruj sodir etib, 23 askarni o’ldirgan jangarilarni qidirmoqda.
Hujum kecha Afg’oniston bilan chegaradan 75 kilometr narida ro’y bergan. Qidiruv ishlari chekka, tog’li hududlarda olib borilmoqda.
Tojikiston Mudofaa vazirligi izohicha, xurujni radikal jangari Mullo Abdullo va hukumatga qarshi tish qayragan arbob Aloviddin Davlatov boshliq guruh uyushtirgan.
Har ikkisi 1992-1997 yillarda fuqarolik urushi davrida hukumatga qarshi jang qilgan. So’ng Mullo Abdullo Afg’onistonga qochib, o’tgan yili yana vatanga qaytgan, deydi rasmiylar.
Mudofaa vaziri Faridun Mahmadaliyev voqeani terror xuruji deya ta’riflamoqda. Unda nafaqat mahalliy, balki Afg’oniston, Pokiston va chechenistonlik jangarilar ham ishtirok etgan, deydi u.
Rasmiylar fikricha, Afg’onistonda NATO bosimidan qochgan toliblar va al-Qoida vakillari Tojikistondan panoh izlamoqda.
Oy boshida Afg’oniston bilan chegarada bir necha soatlik otishmada kamida 20 tolib yo’q qilingan edi.