Afg'on matbuoti: Markaziy Osiyodan chiqqan jangarilar Tolibon safida

Afg’oniston matbuotiga ko’ra, Tojikiston, O’zbekiston, Xitoy va Kavkazdan chiqqan taxminan 450 jangari Tolibon safiga qo’shilgan. Ular qayerdan kelgani mavhum, ammo ular orasida anchadan beri Afg’onistonda yurgan va yaqinda bu mamlakatda paydo bo’lganlar ham borligi aytiladi.

“Amerika Ovozi” birmuncha avval Suriya va Iroqdagi o’zbek jangarilari Afg’onistonga o’tishga hozirlik ko’rayotgani haqida xabar bergan edi.

Tolibon al-Qoida va IShID (Islomiy davlat) kabi guruhlardan farqli o’laroq o’z maqsadini faqat Afg’oniston bilan cheklaydi. U jihod g'oyasini mintaqaga yoyish niyatidagi boshqa terrorchi guruhlar bilan maslakdosh emas, deb ko’riladi.

Tolibonga qator mamlakatlarda terrorchi guruh sifatida qaralsa-da, u siyosiy harakat deb ham tan olinadi. Ko’plab davlatlar bu guruh bilan siyosiy muzokaralar yuritmoqda. Toshkent, masalan, toliblarni hokimiyat uchun kurashayotgan siyosiy kuch deb biladi.

Ayni paytda Afg’oniston hukumati bilan tinchlik muzokarasiga kirishgan Tolibonning hokimiyatga qaytishi ehtimoli ham yo’q emas.

Guruh yetakchilari O’zbekiston rasmiylari bilan muzokaralarda Tolibon mintaqaga tahdid emasligi haqida bayon qilgan va iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirgan.

Muzokarada Afg’onistondagi jangarilar taqdiri bo’yicha yopiq muloqot ketayotgani va O’zbekiston xavfsizlik yuzasidan aniq kafolatlar istayotgani ham ma'lum.

O’zbekiston uchun asosiy tashqi xavf radikal islomiy muxolifat hisoblanadi. Afg’onistondagi o’zbek jangarilari o'tmishda mamlakatga kirib, amaliyotlar olib borgan.

Ammo O’zbekiston Islomiy harakati parchalangan. O’zbek jangarilari Suriya va Iroqdagi urushlarga tortilgan. Bu janglarda ko’plab guruhlar yo’q qilingan. Xavf ancha pasaygan, o’zbek jangari jiddiy zaiflashgan, deydi ekspertlar.

Yaqinda Afg’oniston Mudofaa vazirligi harakatning sobiq yetakchisi Tohir Yo’ldoshning o’g’li Aziz Yo’ldosh maxsus amaliyot paytida yo’q qilingani haqida xabar tarqatgan edi.

Turkiston Islomiy harakati yo’lboshchisi sifatida taqdim etilgan Aziz Yo’ldosh haqida ma’lumot deyarli yo’q.

O’zbek jangarilariga doir vaziyatni o’rgangan faollardan biri Muhammadsolih Abutovning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, harakat Afg’onistonda IShIDga qasamyod keltirishi ortidan toliblar bilan to’qnashuvga borgan. Bu jangda u katta talofat ko'rgan. Shundan so’ng turli to'dalarga bo’linib ketgan.

Abutovga ko’ra, IShID vujudga kelishi hamda Suriya va Iroqdagi urush o’zbek jangarilarining boshqa bir avlodini yuzaga chiqardi. Turli qarama-qarshi guruhlar, oqimlardan iborat bu guruhlar faoliyati O’zbekistonga qaratilmagan. Suriyadagi vaziyat hatto ayrim o’zbek jangarilari o’zaro qarshi tomonlarda turib jang qilganini ham ko’rsatgan.

“IShID yakson qilinib, Suriyadagi janglar nihoyasiga yetar ekan, bu jangarilar uchun Afg’onistonga o’tib, boshqa jangari guruhlarga qo’shilib, jon saqlashdan o’zga yo’l yo’q”, - deydi Abutov.

O’zbekiston hukumati yaqinda Suriyada qolgan yana bir guruh fuqarolarini vatanga olib keldi. “Mehr-3” nomi berilgan amaliyot doirasida 100 ga yaqin kishi, asosan ayollar va bolalar olib kelindi.

“Mehr” doirasida o’tkazilgan avvalgi ikki amaliyotda ham asosan Suriya va Iroqdagi lagerlarda saqlanayotgan ayollar va bolalar olib kelingan edi. Ayni paytda Suriya va Iroq hududida qolayotgan o’zbekistonliklar soni ma'lum emas. “Mehr” amaliyoti davom etishi inobatga olinsa, O’zbekistonga qaytishni kutayotganlar soni bir qadar ko’p.

O’zbekistonga qaytarilgan ayollarning ko’pchiligi IShID va’dalariga uchib, Suriyaga eri va oilasi bilan ketgan. Aksariyat erkaklar Suriyadagi janglarda halok bo’lgan, qamoqda saqlanmoqda yoki hamon jang maydonida.

O’zbekiston hukumati Suriya va Iroqdan olib kelinayotgan fuqarolar faqat ayollar va bolalardan iboratligini qayd etib, bu hududda qolayotgan yoki halok bo’lgan o’zbek jangarilariga doir vaziyat yuzasidan biror izoh bermagan.