Ayrim manbalarga ko`ra, Tolibon Afg'oniston hukumati bilan o'zaro tinchlik muloqotining Toshkentda o'tkazilishini so'ragan. Dastlab fevralda, so'ng esa mart oyi oxirida Toshkentda o'tishi rejalanayotgan uchrashuvlar Afg'onistonda barqarorlik o'rnatishga qaratilgan navbatdagi xalqaro urinish bo'lishi mumkin.
Toliblar yetakchiligidagi qurolli muxolifat va afg'on hukumati o'rtasida muloqot o'tkazish masalasi Prezidentlar Ashraf G'ani va Shavkat Mirziyoyevlarning Toshkentda o'tgan muzokaralari davomida ham muhokama qilingan edi.
Fevral oyi oxirida Toshkentda o'tishi kutilayotgan uchrashuv Afg'oniston hukumati va toliblar o'rtasidagi dastlabki muloqotni boshlashdan iborat bo`ladi. Mart oyida Afg`onistonga doir rejalangan yana bir xalqaro uchrashuv esa tashqi ishlar vazirlari darajasida o'tishi kerak.
Toshkentda o'tishi rejalangan bu uchrashuv afg`on muammosini xalqaro miqyosda munozara qilishni nazarda tutadi. Unda Rossiya, Xitoy, AQSh, NATO, Yevropa Ittifoqidan vakillar qatnashishi kutilmoqda.
Afg`onistondagi vaziyat esa notinch qolyapti, yaqinda Kobuldagi mehmonxonada, Jaloloboddagi "Bolalalarni asrang" (“Save the Children”) nodavlat tashkilotiga uyushtirilgan qonli teraktlar kuzatildi. Tolibonning bu hujumlardagi ishtiroki hozircha tasdiqlangani yo'q. Afg`on hukumati bu xurujlarda Pokiston ishtirokini, qo'shni davlat hududida faoliyat yuritayotgan jangarilarni gumonlab chiqqan.
So'nggi ma'lumotlarga ko'ra, Toshkentdagi muzokaralarni Pokiston tomoni ham yoqlagan; Tashqi ishlar vaziri Muhammad Asif, taklif bo`lgan taqdirda, Islomobod bu uchrashuvda qatnashishini bildirgan.
O'zbekistonning Afg`onistonga oid tashabbusi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning BMT Xavfsizlik Kengashidagi chiqishida bildirilgan edi. Bungacha ham O'zbekiston tomoni afg'on hukumati va qurolli muxolifat o'rtasidagi muzokaralarga chaqirib kelgan.Toshkent Afg'onistonda barqarorlik o'rnatishga qaratilgan barcha muzokaralarni qo'llab-quvvatlashini, shuningdek, mojaroga tortilgan geosiyosiy kuchlar o'rtasida ham kelishuv zarurligini ta'kidlab keladi.
Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov O'zbekiston surayotgan tashabbus yuzasidan qisman to'xtalgan, afg'on hukumati va toliblarning bir-birlariga qo'yayotgan o'zaro qiyin shartlari bois muloqotni boshlash qiyin kechayotgani haqida gapirgan edi.
Shuningdek, Komilov bu chiqishida Afg`oniston barqarorligi bo'yicha muzokaralardan samara bo`lishi uchun, avvalo, bu mojaroga tortilgan qudratli davlatlar, Xavfsizlik Kegnashi a'zolarining bir qarorga kelishi zarurligi haqida aytgan edi.
Fevralda Toshkentda kutilayotgan uchrashuv muloqotning dastlabki jarayonini boshlashi kerak. Afg`oniston hukumati ham, Tolibon ham muloqotga tayyorligini izhor etgan.
O'zbekistonning Afg`oniston bo`yicha pozitsiyasi sobiq prezident Islom Karimov davrida ham qarama-qarshi tomonlarni muloqotga keltirishdan iborat edi, ammo Mirziyoyev hokimiyatga kelar ekan, Afg'oniston bilan hamkorlikda jiddiy siljish kuzatildi.
Afg`oniston prezidenti ilk bor O'zbekistonga rasmiy safar bilan keldi. Mirziyoyev Markaziy Osiyo bilan hamkorligi cheklangan Afg`onistonni mintaqaga, jumladan, iqtisodiy, ijtimoiy jarayonlarga ham faolroq qo'shilishga chaqira boshladi. Ashraf G'ani bilan o'tgan muzokarada tomonlar xavfsizlikka oid eng nozik masalalar yuzasidan ham kelishuvga erishganliklarini aytgan edi.
Tahlilchilarga ko`ra, Markaziy Osiyoda O'zbekiston Afg'oniston bilan hamkorlikni jadal rivojlantirayotgan asosiy davlat. Munosabatlar Iqtisodiy hamkorlikka oid imzolangan bitimlardan tashqari madaniyat, ta'lim sohasida ham rivojlanmoqda.
Yaqinda yuzga yaqin afg'onistonlik yoshlar guruhi Termizda ochilgan ta'lim markaziga o'qishga qabul qilindi.Ta'lim markazi ochilishida qatnashgan afg'on rasmiylari Afg`onistonda 7 millionga yaqin etnik o'zbeklar yashashi, markaz yetishtirishi kutilayotgan kadrlarning mamlakat taraqqiyotiga xizmat qilishi haqida gapirdi.