Texas 175 yoshda

  • Amerika Ovozi

Har bir shtatning o'zi bayrog'i bor. Federal bayroq bilan yona-yon hilpirab turadi. Texasniki bir yulduzli.

1836 yilda San Xasinto shahrida bo’lib o’tgan jangda bir guruh texaslik isyonchilar Meksika armiyasi ustidan g’alaba qozonib, mustaqillikni qo’lga kiritgan. Bu yil ana shu sananing 175 yilligi nishonlanmoqda.

Bu mojaro keyinchalik AQSh-Meksika o’rtasidagi urushga ham turtki beradi. Natijada Kaliforniya va yana bir necha janubiy shtat Amerika tarkibiga o’tgan.

AQShning ikkinchi eng katta shtati Texas unga 1845 yilda kirgan.

Texas xalqi qishloq xo'jaligi va ayniqsa zotdor qoramoli bilan faxrlanadi.

Texasning paydo bo’lish tarixi bag'oyat qiziq. O’shanda general Sem Xyuston boshchiligidagi 900 ga yaqin jangchi hududni meksikaliklar qo’lidan 18 daqiqa ichida tortib oladi. U kungacha Meksika har bir jangda osonlikcha g’alabaga erishar va bundan havolanar edi.

Asir tushgan meksikalik general Antonio Lopez de Santa Anna qo’shinlarini Texasni tark etishga buyruq berib, hudud mustaqil degan hujjatga imzo chekadi. Ayrim meksikalik siyosatchilar harbiyga bunday hujjatni imzolash vakolati berilmagan edi deydi.

O'sha jang bo’lib o’tgan maydonda yaqinda o’sha tarixiy voqea sahnalashtirildi. Uni tomosha qilgani yuzlab odam tashrif buyurgan. Rol ijro etganlardan biri De La Pena Meksikani yaxshi ko’radi, lekin baribir g’olib AQSh tarafida.

“Hecham ajablanarli joyi yo’q. Ajdodlarim Meksikadan, lekin men asl texaslikman. Shu yurtda tug’ilib o’sganman. San Antonio - ona shahrim”,- deydi u.

Ko’pchilik meksikaliklar bugunga qadar "Amerika bu yerni bizdan tortib olgan" deb keladi. De La Pena kabilar esa isyonchilar orasida Xuan Seguin kabi meksikaliklar ham bo’lganini eslatadi.

Texas - AQShning ikkinchi eng yirik shtati

“AQSh janubi-g’arbida Meksika madaniyati qorishmagan narsaning o’zi yoq. Bugun e’tibor berib qarasangiz, madaniyatimiz butun Amerika bo’ylab tarqalgan”,- deydi De La Pena.

Lotin amerikaliklar Qo’shma Shtatlarda eng tez ko'payotgan guruh. Kelasi 10 yil ichida ular Texas kabi janubiy shtatlarda aholining katta qismiga aylanishiga shubha yo’q.

“Men haqiqiy texaslikman. Shu tuproqda tug’ilib o’sganman. Texasni Amerika armiyasi ishg’ol qilganidan mamnunman. Lekin ota-onam Meksikadan. Ular bu haqda boshqacha fikrda”,- deydi tadbirga tashrif buyurgan Elizabet Elizalde.

Texas shtatini Meksikadan minglab kilometrga cho’zilgan chegara ajratib turadi. Asosan cho’l va tog’liklar. Santa Anna armiyasi go’lib kelganda ham, deydi Elizabet, u Texasni ko’p muddat ushlab turolmagan bo'lardi.

“Meksika tomoni go’lib bo’lganida yana janglar bo’lishi aniq edi. Meksikadan yordam kelishi oson bo’lmagan. Oradagi masofa katta bo’lgan”,- deydi u.

Bundan 175 yil ilgari qonli janglar bo’lib o’tgan maydon - ochiq muzey. Bu yerga maktab o’quvchilari tez-tez kelib turadi.

Tarix o’qituvchisi Skot Griffin ham talabalarini olib kelgan. Skot shu atrofda tug’ilib o’sgan.

“Meksikaliklarni ham tushunaman. Ularning o’rniga o’zingizni bir daqiqa qo’yib ko’ring. Boy berilgan yer axir ularning hududi bo'lgan”,- deydi muallim.

Lekin masalaning boshqa tomoni ham bor. AQShning bu qismida yashovchi meksikaliklar ozchilikni tashkil qilgan.

Bu hududlar aslida Apachi va Komanchi kabi hindu qabilalarniki.

“Meksika hukumati uchun bu yerlar xavfli, tashlandiq yerlar bo’lgan. Hukumat hech kimni u yerga borib yashashga ko’ndira olmagan. Shuning uchun bo’lsa kerak, Santa Anna qarorga imzo chekkan”,- deydi Griffin.

Tarix faqatgina kitoblarda qolib ketmasligi kerak. O’tmishni o’rganish, undan oqilona saboq chiqarish muhim, deydi "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan amerikaliklar.

“Men bu yerga kelganimdan juda mamnunman. Ko’p narsa o’rgandim. Yana o’ylanib qoldim. Meksikaning tarix kitoblarida nima deb yozilgan ekan”,- deydi ochiq muzeyga kelgan o'quvchi Jessika Tores.