Tibet Xitoy hududi bo'lgani bilan xorijda yashovchi tibetlik faollar o'lka mustaqilligi uchun astoydil kurashib keladi. Surgundagi hukumatning bosh idorasi Hindistonda joylashgan. O'lka aholisi bilan turli vositalar yordamida aloqani ushlab turishga urinadi. Ammo rasmiy Pekin ham jim turmay, bu harakatlarning oldini olishga zo'r beryapti.
Xorijdagi faollar uyali telefon, internet va qisqa to'lqinli radio orqali o'lka bilan aloqada bo'lishga harakat qiladi. Xitoy bu va ozchilikdagi boshqa elatlar ustidan nazoratni kuchaytirgan. Ularning tashqi dunyo bilan aloqa qilishi oson emas. Hukumatning kiber salohiyati borgan-sari takomillashmoqda. Tibetlik faollar maxsus dastur orqali to'siqlarni aylanib o'tish yo'llarini o'rganyapti.
Kanyak Tserin tibetlik rohib. Kirti ibodatxonasining Dxaramsala shahridagi filialiga qatnaydi. Shahar Hindistonda joylashgan. Asosiy ibodatxona esa chegaraning u tomonida, Xitoy hududida o'rnashgan, ammo bir necha oydan beri Xitoy xavfsizlik kuchlari nazoratiga olingan.
Yaqinda Xitoydagi ibodatxonada tasvirga tushirilgan videoning nusxasi Amerika Ovozining Tibet xizmatiga kelib tushdi. Unda yosh rohib Xitoyning tibetliklar buddist madaniyatini yo'q qilishga qaratilgan siyosatiga norozilik bildirib, o'zini qurbon qilganini ko'rish mumkin.
"Ibodatxonadagi barcha rohiblarga Xitoyga nisbatan vatanparvarlik hissini uyg'otuchi majburiy darslar o'tiladi. Darsga qatnamaganlarni monastirdan haydashadi. Shunday hollar ham bo'lgan", - deydi Kanyan Tserin.
Yosh rohib bir necha oydan beri ibodatxonaning matbuot kotibi lavozimida ishlaydi. Tibetda qolgan faollar bilan aloqa qilish uchun turli usullardan foydalanadi. Xitoy xavfsizlik kuchlari o'lkaning 50 yildan beri norasmiy poytaxti deb kelinayotgan Dxaramsala va Tibet o'rtasidagi aloqani yaqindan kuzatib boradi. Rasmiy Pekin xorijdagi faollarni bo'lginchlikda ayblaydi.
"Ma'lumotlarni turli yo'llar bilan olaman. Internetda elektron pochta, maxsus sahifalar, chatxonalar, Skaypni ishga solaman. Ba'zida esa oddiy uyali telefon orqali ham aloqaga chiqsa bo'ladi", - deydi Tserin.
Xitoy nima qilib bo'lsa ham bundan xabardor bo'lishga intiladi. Maxsus josuslik dasturlari orqali xatlarni o'qishga, faollar parollarini bilishga intiladi.
"Ular buning uchun hech bir usuldan qaytmaydi", - deydi Kanyak Tserin.
Tibetning surgundagi hukumatiga xavfsizlik masalasida maslahat beruvchi mustaqil tadqiqotchi Greg Uoltonning aytishicha, Xitoyning kiber salohiyati kuchayib bormoqda.
"Rasmiy Pekin nafaqat Dxarmsaladagi rohiblarni shu tariqa kuzatmoqda, balki AQShning mudofaa tizimi, yangi avlod qurollariga doir ma'lumotlarni, Nyu-Yorkdagi yirik moliya markazlari axborotlarini o'g'irlamoqda", - deydi Uolton.
Buning uchun odatda axborot egasiga elektron maktub yo'llanadi. Unga surat yoki biror bir veb sahifaning manzili biriktirilgan bo'ladi. Ehtiyotkorlik choralari unutilib, xat ochilsa, kompyuterga virus tushib, undagi fayllar va ma'lumotlarning nusxasi kiberxurujni uyushtirgan tomonga o'tishi, kompyuter tizimida axborotni muntazam ravishda uzatuvchi josus programmasi o'rnashishi mumkin. Bu kabi elektron maktublar esa siz bilgan va ishongan odamlar nomidan yuboriladi.
"Natijada maktubni olgan odamlar laqqa tushib, virusni o'zi bilmagan holda qabul qilib oladi", - deydi tadqiqotchi Greg Uolton.
Hozirda surgundagi tibetlik faollar o'lkadagi vatandoshlariga kiberxavfsizlikdan, Xitoy hiyla-nayrangiga tushmaslik uchun nima qilish kerakligidan saboq bermoqda.