AQSh Davlat kotibi Reks Tillersonning aytishicha, Amerikaning Shimoliy Koreyaga nisbatan sabr qilish siyosati tugadi. Bundan buyon Pxenyanga qarshi harbiy chora ko'rish masalasi ham hisobga olinadi, dedi u Janubiy Koreyaga qilgan tashrifi davomida.
"Shimoliy Koreya iqtisodiy jihatdan farovon va xavfsiz kelajak qurishning yagona yo'li yadro qurollari, ballistik raketalar hamda boshqa ommaviy qirg'in qurollaridan voz kechish ekanini tushunishi kerak", - dedi u.
Janubiy Koreya Tashqi ishlar vaziri Yun Byonse bilan uchrashuvda Tillerson Shimoliy Koreyaga qarshi "to'liq imkoniyatlar" ishga solinishini aytgan.
AQShning yetakchi diplomati Seulga kelishi oldidan Yaponiyaga ham borgan edi.