Past reytingli prezidentning 2018-yildan umidlari katta

  • Amerika Ovozi

Donald Tramp prezidentligining birinchi yili siyosatda ham, ijtimoiy sohalarda ham bahs va tortishuvlar bilan o’tdi. Tramp oldingi rahbar qarorlarini bekor qilish, byurokratiyani kamaytirish, konservativ sudyalarni tayinlash va sog’liqni saqlash tizimini o’zgartirishga zo’r berdi. Uning partiyasi soliqlar kamaytirilganini eng katta yutuq deb hisoblaydi. Xo’sh, 2018-yildan nimalarni kutsak bo’ladi?

Your browser doesn’t support HTML5

2018-yil Prezident Tramp uchun qanday kechadi?

Tramp 2017-yilda 50 dan ziyod farmonlar imzoladi, bir qancha yirik qonun loyihalarini Kongressdan o’tkazishga harakat qildi.

“2017-yilning yutuqlariga bas kelish qiyin. Ajoyib davr bo’ldi. Yil oxirida soliq tizimini isloh qilishga ham erishdik”.

Ammo Vashingtonda hozir yangi kitob haqida duv-duv gap. Unda Trampning boshqaruv usuli, ruhiy salomatligi va hatto prezidentlikka loyiqligi savolga tutiladi. Kitob demokratlar aytib kelayotgan gaplarni tasdiqlaganday.

“Donald Tramp prezident bo’lmasligi kerak, deb boshidan aytganman. Unda oliy lavozim uchun zarur qobiliyatlar yo’q. Kitob buni tasdiqlab turibdi”, - deydi senator Kirsten Jilibrend.

Rasmiylar kitobni keskin tanqid qilmoqda, ayniqsa Oq uy so’zlovchisi Sara Xakabi Sanders:

“Ichida g’ij-g’ij xato. Ularni birma-bir ko’rsatib, vaqt sarflashga hojat yo’q. Kitob to’qib chiqarilgan gaplardan iborat”, - deydi u.

Kitob muallifi qanday qilib Oq uyga yo’l topgani, Prezident Tramp bunda sobiq maslahatchisi Stiv Bennonni ayblagani siyosiy bo’hronni kuchaytirdi, deydi tahlilchi Jon Xudak.

“Prezidentni yoqtirmaydiganlar qatorida bo’lsangiz, bu kitobni o’qigandan keyin u ruhan nosog’lom ekanini bilardim, degan xayolga borasiz. Ammo Trampning tarafdorlari uchun bu asar uydirma, hatto jiddiy qabul qilishmaydi”.

Hech bir prezidentning xalq orasidagi reytingi birinchi yilda Trampnikichalik past bo’lmagan. 30 foizdan sal oshiq. Noyabrda Kongressga saylovlar. Muxolifatchi demokratlar qonunchilik organini qo’lga olishi mumkin.

“Respublikachilar partiyasi haqiqatni tan olishi kerak. Hozir demokrat saylovchilar kuch-g’ayratga to’la. Prezidentning partiyasiga qarshi ovoz berishga tayyor, chunki uni yoqtirmaydiganlar ko’p”, - deydi siyosatshunos Molli Reynolds.

Rossiyaning 2016-yilgi saylovga aralashuvi yuzasidan tergov ham davom etib, Trampning sobiq maslahatchilari so’roq qilinmoqda.

Tahlilchi Jon Xudak fikricha, Trampning o’ziga xos boshqaruv uslubi bor va u o’zgarmaydi.

“Agar Trampning birinchi yili tartibsiz o’tdi, u hamon Oq uyga moslashyapti, kelasi uch yilda yetuk liderga aylanadi deb o’ylayotgan bo’lsangiz, adashasiz. Donald Trampning bori shu. 2017-yilda qanday rahbarni ko’rgan bo’lsak, kelasi uch yilda ham xuddi shu xulq-atvor davom etadi”, - deydi u.

2018-yil Kongressga saylovlar o’tishi bilan muhim. Agar Senat va Vakillar palatasi demokratlar qo’liga o’tsa, siyosiy janglar avj olishini kutavering.