AQShda prezidentlikka nomzod respublikachi Donald Tramp fikricha, tashqi siyosatda bugun asosiy maqsad terroristlarni tag-tugi bilan yo'q qilish bo'lishi kerak.
Tashqi siyosatda realizm yetishmaydi, deydi Tramp. "Islomiy davlat" va boshqa ekstremist kuchlarning ildiziga bolta urish o'rniga, deydi u, Amerika o'z qadriyatlarni targ'ib qilishga urg'u bermoqda.
"Radikal islomiy terrorizmga qarshi turgan har bir hukumat, u bizga yoqadimi yo'qmi, bizning hamkorimiz bo'lishi kerak",- deydi Tramp.
"Biz bu vahshiyliklar davom etishiga yo'l qo'ya olmaymiz".
Respublikachi nomzod nazarida "Islomiy davlat" oyoqqa turishida Prezident Barak Obama va uning sobiq davlat kotibi, prezidentlikka demokrat nomzod Hillari Klinton, aybdor.
"Hillari Klintonning rasvo siyosati "Islomiy davlat" singari guruhni vujudga keltirdi", - deydi Tramp.
Uning nazarida Klinton prezident bo'lishga har jihatdan noloyiq.
Prezidentlikka saylansa, Tramp terrorizmga qarshi kurashni kuchaytirish choralarini ko'radi va Amerika dunyo bo'ylab olib borayotgan fuqaro jamiyati qurilishi va islohotlarni quvvatlovchi loyihalarini darhol to'xtatadi.
Your browser doesn’t support HTML5
Tramp Amerikaga muhojirlar oqimini qisqartirish tarafdori. Har bir mehmon elakdan o'tkaziladi va yangi ishlab chiqiladigan talablarga javob bersagina, mamlakatga kiradi, deydi u.
"Keskin talablar qo'yamiz, ekstremal choralar ko'ramiz",- deydi Tramp.
Musulmonlarni tekshirish kerak, deydi respublikachi nomzod, xususan terrorizm o'chog'i hisoblangan o'lkalardan kelayotganlar Amerika sarhadiga qadam bosmasligi lozim.
Uning taklifi shuki, AQShga kelayotgan odam maxsus imtihonlardan o'tishi zarur, jumladan, diniy erkinlik, jinsiy tenglik, gomoseksual odamlarning huquqlari va boshqa masalalarda Amerikada mavjud tolerantlik va etnik xilma-xillikka zid fikrlaydigan inson bo'lmasligi lozim.
Obama ma'muriyati, demokratlar va Trampga qarshi boshqa taraflar nigohida respublikachi nomzodning fikr va takliflari qo'rqinchli. Terrorizmda dinni ayblash vijdonsizlik va aqlsizlik, deydi Klinton.
VIDEO: Klinton Pensilvaniya shtatida so'zlamoqda (inglizcha)
Your browser doesn’t support HTML5
"Tramp generallardan aqlliroqman deb keladi. Yo'q, Donald, ulardan aqlli emassan. Donald Tramp AQSh prezidenti bo'lishga tubdan noloyiq",- dedi Klinton Pensilvaniya shtatida so'zlar ekan.
Vitse-prezident Jo Bayden deydiki, Oq uyni egallash uchun Klintondan yaxshiroq nomzod yo'q va tarixda bu darajada usta siyosatchi kam bo'lgan.
Mahalliy muammolardan tortib, tashqi siyosatgacha, Klinton Amerika va dunyoni qiynayotgan masalalarni chuqur tushunadi va ularni hal etishga qodir, deydi Bayden.
"Tarixda Amerika Trampchalik subutsiz, kaltafahm va no'noq nomzodni ko'rmagan",- deydi vitse-prezident.
"Eng qor'qinchlisi, Tramp hatto bilishni va o'rganishni ham xohlamaydi".
VIDEO: Vitse-prezident Jo Bayden so'zlamoqda (inglizcha)
Your browser doesn’t support HTML5
Ommaviy so'rovlarga ko'ra, Klintonning reytingi Trampnikidan ancha yuqori. Tramp nazarida axborot vositalari noxolis va Klintonning tarafini olmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlardagi bayonotlarida Tramp Amerika matbuoti, telekanal va radiolarini korrupsiyada ayblab, "agar ular xolis bo'lganida mening reytingim 20 foizga yuqori bo'lar edi", deya bong urmoqda.
"Mening chiqishlarimni axborot vositalari ataylab salbiy ruhda yoritadi",- deya noliydi Tramp.
Biroq respublikachi nomzod o'z partiyadoshlari, nufuzli konservatorlar orasida ishonch qozona olmayapti. Sobiq prezidentlar, ota-bola Bushlar fikricha, Tramp prezidentlik kursisiga yaqinlashmasligi kerak.
Kongressdagi respublikachilarning ko'pi Tramp tarafdori emas va o'tgan kunlar ichida bir necha yirik siyosiy homiylar bu nomzodni moliyaviy jihatdan quvvatlamaslikka qaror qilgan.