Tramp: Britaniya bosh vaziri bilan til topisha olmasam kerak

  • Amerika Ovozi

AQShda Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka ehtimoliy nomzod Donald Tramp Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron bilan chiqisha olmasligi mumkinligini aytmoqda.

Kameron Trampning musulmonlarni Amerikaga vaqtincha kiritmaslik taklifini qoralab, uni ahmoq, nohaq va orani buzuvchi odam deb atadi.

Tramp Britaniyaning ITV telekompaniyasi bilan intervyuda bosh vazir izohiga munosabat bildirdi:

"Birinchidan, men ahmoq emasman. Aksincha. Ikkinchidan, men odamlarni bo’lmayman, aslida ularni birlashtiraman. Prezidentimizdan farqli o’laroq birlashtiruvchiman. Aftidan, Britaniya bosh vaziri bilan til topisha olmaydigan ko’rinamiz. Oramiz yaxshi bo’lishini istayman, ammo Kameron buni xohlamaydiganga o’xshaydi", - dedi Tramp.

O’tgan yili Kaliforniyaning San-Bernardino shahridagi xurujda 14 odam, Parijdagi portlashlarda esa 130 odam o’lganidan so’ng Tramp prezident bo’lsam, musulmonlarni Amerikaga kiritmayman, degan edi.

Britaniya bosh vaziri uning bu bayonotini qoralab, o’shandan beri gapidan qaytmoqchi emas.

AQSh va Britaniya munosabatlari o’ziga xos bo’lib, ikki davlat ko’p masalalarda yaqindan hamkorlik qilib keladi.

Tramp, shuningdek, 11 million noqonuniy muhojirni mamlakatdan chiqarib yuborishga, Meksika bilan chegarada devor qurishga va’da bergan, ammo prezidentlikka saylansa, bu ishlarga qo’l uradimi, yo’qmi, ma’lum emas.