AQShda ichki partiyaviy saylovlar nihoyasiga yetib borar ekan, noyabrdagi prezidentlik saylovida respublikachi Donald Tramp va demokrat Hillari Klinton asosiy nomzodlar bo'lishi kutilyapti. Ular eng ko'p bahs qilayotgan asosiy mavzular nima?
Oylab davom etgan bahs-munozara bir qator mahalliy va xalqaro mavzularda nomzodlar farqli qarashlarga ega ekanini ko'rsatdi.
Diplomatiya
Prezident Obama ma'muriyati davrida Davlat kotibi lavozimida ishlagan Hillari Klinton hozirgi ittifoqchilar bilan aloqalarni yanada kuchaytirish niyatida. U Eron bilan tuzilgan bitimni himoya qilib, ayni paytda Xitoy va Rossiyaning agressiv harakatlarini to'xtatish tarafdori. Donald Tramp ham ittifoqchilar bilan aloqalarni yaxshilash istagida, ammo NATOni "eskirgan tashkilot" sifatida qoralab, AQSh ittifoqchilari o'z mudofaasi uchun ko'proq pul ajratishi kerak, degan fikrda. Respublikachi nomzod nazarida Eron bilan tuzilgan kelishuv falokatli. U Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan kelishib ishlay olishiga ishonadi.
Terrorizm va "Islomiy davlat"
Tramp may oyida "Islomiy davlat"ni yengish uchun Yaqin Sharqqa 30 ming AQSh askarini jo'natishini aytgan edi, ammo keyinroq bu fikridan qaytgan. U terrorchilarni yer tishlatishga va'da bermoqda, lekin buni qanday amalga oshirish haqida aniq reja taqdim etgani yo'q. Klinton esa Obamaning strategiyasini davom ettirib, "Islomiy davlat"ni yengishda koalitsiya havo hujumlari hamda mahalliy kuchlarga tayanishini aytmoqda.
Tergov usullari
Klinton Davlat kotibi bo'lgan paytda terrorizmda ayblanayotganlarni suvga dimiqtirish kabi tergov usullari taqiqlagan edi. Klinton prezident bo'lsa, qiynoq qo'llanishiga yo'l bermasligini aytadi. Tramp esa terrorchilar bundan battar ishlarni amalga oshirayotganini aytib, suvga dimiqtirishdan ham kuchliroq choralarni qo'llamoqchi.
Migrantlar va musulmonlar
Parij xurujlari ketidan Tramp musulmonlarni AQShga kiritmaslikni taklif qildi. U "Islom bizdan nafratlanadi" degan gapni aytib, shuningek, muhojirlar Yevropani "buzayotganini" tilga oldi. Klintonga ko'ra esa, musulmonlarni yomonotliq qilish AQShning hamkorlari bilan aloqalariga putur yetkazadi. Uning aytishicha, urushdan qochayotgan yetim bolalarga eshiklarni yopish yoki ularni diniga qarab ajratish to'g'ri emas.
Immigratsiya
Tramp janubiy chegaralardan kirayotgan muhojirlar yo'lini to'sish uchun Meksika va AQSh o'rtasida devor qurmoqchi. U Meksikani qo'shni yurtga jinoyatchilar va giyohvand moddalar eksport qilayotganlikda ayblaydi. Shuningdek, AQShdagi barcha noqonuniy muhojirlarni deportatsiya qilish kerak, deydi u.
Klinton Trumpning devor qurish rejasini "fantaziya" deb ataydi. Raqibidan farqli o'laroq, sobiq davlat kotibi hujjatsiz muhojirlar uchun fuqarolikka yo'l ochadigan immigratsiya islohotini o'tkazmoqchi. Bundan tashqari, bir guruh noqonuniy muhojirlarni deportatsiya qilmaslik haqidagi Obama qarorini ham himoya qilaman, deydi demokrat nomzod.
Savdo
Har ikki nomzod 12 davlat bilan tuzilgan Trans-Tinch Okeani Hamkorlik savdo kelishuviga qarshi. Tramp Hillari Klintonning turmush o'rto'gi Bill Klinton davrida qabul qilingan Shimoliy Amerika Erkin Savdo Kelishuvini ham qoralaydi. Respublikachi nomzod Xitoy va Meksika bilan savdo bitimlarini qayta ko'rib chiqib, xorij mahsulotlariga tariflarni oshirishni ham taklif qilmoqda.
Iqtisodiyot
Klinton ham, Tramp ham o'rta qatlam amerikaliklar uchun soliqlarni kamaytirish tarafdori. Demokrat nomzod federal miqyosda eng kam ish haqini oshirishni istaydi va shtatlarni yanada saxiyroq bo'lishga chaqiradi. Tramp boshida maoshlarning oshirilishiga qarshi edi, ammo so'nggi paytlarda bu masalani qayta ko'rib chiqishini aytmoqda. Klinton, shuningdek, Obamaning sog'liqni saqlash tizimida amalga oshirgan islohotini himoya qilayotgan bo'lsa, raqibi bu qonunga keskin qarshi.
Iqlim o'zgarishi
Klintonga ko'ra, global iqlim isishi "davrimizning eng dolzarb tahdidi". U uglerod gazlarining atmosferaga chiqishini kamaytirib, o'zini qayta tiklovchi energiya manbalarini rivojlantirishni ko'zlamoqda. Tramp esa tabiatning o'zgarishiga insonning aloqasi yo'qligini aytadi. U hatto ijtimoiy tarmoqdagi chiqishlaridan birida bu cho'pchakni AQSh sanoatini zaiflashtirish uchun Xitoy o'ylab topgan, degan gapni ham tilga olgan.