Breaking News

Saylov-2016: Indianada partiyaviy saylov arafasida Tramp oldinda


Saylovoldi kampaniyasi avjida
Saylovoldi kampaniyasi avjida

Yangi so’rov natijalariga ko’ra, AQShda respublikachilardan prezidentlikka nomzodlar orasida milliarder Donald Tramp oldinda. Seshanba kuni Indiana shtatida bo’lib o’tadigan partiyaviy saylovda uning g’alaba qozonishi kutilmoqda.

Indianada respublikachilarning 49 foizi Tramp tarafida. Senator Ted Kruzni qo’llab-quvvatlayotganlar – 34 foiz. Qo’shni Ogayo shtati gubernatori Jon Keysik esa partiyadoshlarining 13 foiziga ma’qul kelmoqda.

Siyosatshunoslarning aytishicha, katta fermalar hamda yirik sanoat markazlari joylashgan, asosan konservativ qarashdagi saylovchilar yashaydigan Indiana shtati - Kruz va Keysik uchun Trampga to’siq qo’yishda so’nggi imkoniyat.

So’nggi olti shtatdagi partiyaviy saylovlarda Tramp, hech qanday siyosiy tajribaga ega bo’lmasa-da, g’alaba qozondi va raqiblaridan yanada o'zib ketdi. Bunday ketishda u iyuldagi Respublikachilar qurultoyida partiyadan yagona nomzod etib saylanishi va 8-noyabrdagi umumxalq saylovlarida demokrat nomzod bilan oliy lavozim uchun kurashishi mumkin. Indianadagi g’alaba avtomatik ravishda uning konvensiyada yagona nomzod etib saylanishini kafolatlamaydi, ammo pozitsiyasini mustahkamlab, Kruz hamda Keysik umidlarini batamom puchga chiqaradi.

"Agar Indianada g’alaba qozonsak, ish bitdi”, - dedi Tramp.

Kruz ham Indiana u uchun so’nggi imkoniyat ekanini tan oldi. “Biz qoya cho’qqisidamiz va jarga qarab turibmiz”, - dedi u.

Demokratlarga kelsak, sobiq Davlat kotibi Hillari Klinton hamon oldinda –Indianada u uchun demokartlarning 50 foizi ovoz berishga tayyor. Yana 46 foizi Vermontdan senator Berni Sandersni afzal ko’radi.

Demokratlar partiyasi ham yagona nomzodni iyulda milliy syezdda saylaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG