Tramp ichki siyosatda nimaga urg’u bermoqchi?

  • Amerika Ovozi

Election 2024 Trump

20-yanvardan Oq uyda ish boshlaydigan Donald Tramp mamlakat iqtisodiyotini yaxshilashga, immigratsiya tizimini tuzatishga so’z bergan.

Chegaralarni mahkam yopamiz. Odamlar mamlakatimizga kelsin, ammo qonuniy kelsin”, - degan Tramp.

Saylangan prezident noqonuniy muhojirlar ommaviy deportatsiya qilinishini ta’kidlagan, biroq mutaxassislar bunga katta mablag’ kerakligini, tashkiliy ish yaxshi yo’lga qo’yilishi zarurligini aytadi.

“Chegara qiroli” lavozimiga ko’rsatilayotgan Tom Xoman noqonuniy muhojirlarni mahallalarda emas, ish joylarida tutmoqchi ekanini bildirdi.

Yangi ma’muriyat inflyatsiyani ham jilovlamoqchi.

“Amerika tarixida eng buyuk siyosiy qaytishdan so’ng Donald Tramp rahbarligi ostida Amerika tarixida eng buyuk iqtisodiy qaytishga ham bosh bo’lamiz”, - dedi bo’lajak vitse-prezident Jey Di Vens.

Tramp “Amerika birinchi” siyosati doirasida xorijiy mahsulotlarga tariflar qo’ymoqchi, choychaqaga soliqlarni bekor qilmoqchi.

Uchinchi ustuvor vazifa – davlat tizimini tartibga solish.

"Amerika bizga misli ko’rilmagan va kuchli mandat berdi”, - dedi Tramp.

Davlat idoralaridagi byurokratiyaga qarshi kurashish, hukumat samaradorligini oshirish, maqsadsiz xarajatlarni kamaytirish maqsadida tashkil etilayotgan agentlikni ikkita milliarder – Ilon Mask va Vivek Ramasvami boshqaradi.

Saylovdan so’ng Kongressning har ikki palatasi endi respublikachilar nazoratida ekan, kamida ikki yil, ya’ni Kongressga keyingi saylovgacha Tramp siyosati va tashabbuslariga muxolif demokratlar to’siq qo’ya olmaydi.

Tramp taklif etayotgan kadrlarning ayrimlari qarshilikka uchramoqda

Donald Tramp AQShdagi 18 ta razvedka idorasi faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Milliy razvedka rahbarligiga razvedka xizmatida oldin ishlamagan iste’fodagi podpolkovnik Tulsi Gabbard nomzodini ko’rsatishi ayrim siyosatchilar noroziligiga sabab bo’ldi.

Iroq urushida qatnashgan faxriy, Gavayi shtatida Kongressda vakil bo’lgan. Sobiq demokrat urushga qarshi ko’p gapirgan.

"Kamala Harrisga ovoz bersangiz, Dik Cheyniga ovoz bergan bo’lasiz, yana bir urushga ovoz bergan bo’lasiz, balki Uchinchi jahon urushi, yadro urushiga ovoz bergan bo’lasiz. Tramp esa urushlarni boshlamoqchi emas, tugatmoqchi”, - degan edi Gabbard saylov kampaniyasi paytida.

Tramp 20 yildan ortiq harbiy xizmat qilgan siyosatchini dovyurak deb atadi.

Biroq demokratlar va respublikachi qonunchilarning ba’zilari Gabbardning ushbu lavozimga tanlanishini tanqidga oldi, uni Rossiya propagandasini targ’ib qilayotganlikda aybladi.

Gabbard urushni to’xtatish uchun dushman bilan muloqot qilish zaruratiga urg’u beradi.

Markaziy razvedka boshqarmasiga rahbarlik qilishni esa Tramp Milliy razvedkaning sobiq direktori Jon Ratkliffdan so’radi.

Arbob Trampning ashaddiy taradforlaridan hisoblanadi.

Umuman olganda Tramp ikkinchi prezidentlik muddatida o’z atrofiga unga sodiq kadrlarni to’plamoqda. Birinchi prezidentligi paytida muhim lavozimlarga asosan tadbirkorlar va sobiq harbiylarni tayinlagan edi.

Tulsi Gabbard kabi Demokratlar partiyasidan chiqib, saylovda avvaliga mustaqil nomzod bo’lgan, ammo keyin Trampni yoqlab chiqqan kenja Robert Kennediga Tramp sog’liqni saqlash vaziri lavozimini taklif etdi.

Kennedi COVID pandemiyasi paytida joriy etilgan shtat va federal cheklovlarga qarshi chiqqan, vaksinalar autizmga yetaklaydi deya da’vo qilgan. Sog’liqni saqlash vazirligiga nomzod qizamiq vaksinasiga ham ishonmasligini aytadi.

Kennedi semizlik, qand kasalligi, autizmga qarshi kurashmoqchi ekaniga, oziq-ovqatda kimyoviy moddalar tarkibini kamaytirish zaruratiga urg’u beradi.