Prezident Donald Tramp ayrim shaharlarda jinoyatchilik va tartibsizlik avj olganini aytib, shtatlarga federal politsiyachilarni yuborish dasturini kengaytirmoqda. Mamlakatga qonun va tartibni ta’minlay oladigan rahbar kerak, deydi u.
AQShda may oyidan buyon irqchilikka qarshi namoyishlar davom etmoqda. Aksiyalar aksar hollarda tinch, ammo ba’zida talon-taroj va buzg’unchilik ko’zga tashlanadi.
Tramp gubernatorlarni tanqid qilib, qonunbuzarlikka aggressiv tarzda javob berishini aytmoqda.
“Qon to’kilishiga chek qo’yish kerak. Jinoyatchilik keng tarqalgan shaharlarga federal huquq-tartibot xodimlarini jo’natyapmiz”, - deydi prezident.
Chikago, Albakerki va boshqa shaharlarga yuzlab askar safarbar etiladi. Trampga ko’ra, bu shaharlarga yordam kerak.
Mahalliy rahbarlar tartib o’rnatish uchun federal hukumatdan ilgari yordam so’ragan. Ammo bu hafta 15 shahar meri Oq uyni bir tomonlama qarorlar qilayotganlikda ayblab, qoralab chiqdi.
“Hech bir belgisiz forma kiygan askarlar odamlarni mashinaga tiqib olib ketyapti, fuqaro huquqlarini buzishyapti. Demokratik jamiyatda bunday ish yuritilmaydi”, - deydi Chikago shahar meri Lori Laytfut.
Tramp Portlend va Sietlga jo’natgan askarlar vaziyatni tinchlantira olgani yo’q.
“Federal agentlarni jo’natib, odamlarni hibsga olish bilan tinchlik qaror topmaydi”, - deydi professor Lori Vuds.
Trampning televizion reklamalarida demokratlar politsiya byudjetini kesishni rejalayotgan radikal to’da deya tasvirlanadi.
Prezidentlikka nomzod Jo Bayden politsiya boshqarmalariga yordamni shartli asosda berish tarafdori. Saylovoldi reklamalarida Tramp o’zini qonun va tartibni ta’minlay oladigan rahbar deya tasvirlamoqda.
“Prezidentlikka nomzodlar odamlarni o’z tomoniga og’dirish uchun ko’pincha mojaro va etnik ziddiyatlardan foydalanadi. Trampning saylov kampaniyasida ham shuni ko’ryapmiz, reklamalarida Portlend va boshqa shaharlardagi namoyishlar aks etgan”, - deydi sharhlovchi Umar Vaso.
Prezidentning vahimali gaplariga qaramasdan, yirik shaharlarda jinoyatchilik ko’lami 10 yil oldingiga qaraganda pasaygani ma’lum.