Tramp muhojirlarni sifatiga qarab mamlakatga qabul qilmoqchi

  • Amerika Ovozi

Oktabr oxirida o’zbekistonlik Sayfullo Soipov Nyu-York shahrida xuruj uyushtirishi ketidan AQSh Prezidenti Donald Tramp grin-karta lotereyasi dasturini bekor qilmoqchi ekanini aytgan. Soipovning o’zi AQShga 2010-yilda ana shu dastur orqali kelgan.

Bu Qo’shma Shtatlarda yashash huquqini beruvchi imkoniyat, biroq barcha mamlakatlar fuqarolari ham dasturda qatnasha olmaydi – faqatgina Amerikada eng kam vakillari bor mamlakatlargina.

Tramp Kongressni grin-karta lotereyasini tugatishga chaqiribgina qolmay, balki immigratsiya tizimini yangilashga ham da’vat etyapti, xususan, muhojirlarni oilaviy aloqalariga qarab emas, balki sifatiga qarab mamlakatga kiritishni taklif qilyapti.

Farq nimada?

Zanjir migratsiyasi

AQShning hozirgi immigratsiya tizimini tanqidchilar “zanjir migratsiyasi”, muhojirlar huquqlari himoyachilari esa “oilaga asoslangan immigratsiya” deb ataydi.

Amerika immigratsiya tizimi homiylikka asoslangan, ya’ni bir oilaning AQSh fuqaroligi yoki Amerikada doimiy yashash huquqiga ega a’zosi o’z qarindoshlarini tarixiy vatanidan AQShga keltirishi mumkin.

Fuqaro yoki grin-karta sohibining turmush o’rtog’i va farzandlari eng yaqin oila a’zosi sifatida viza nomerini olishi uchun navbatda turishi shart emas, bunday shaxslar kvotadan xoli.

Biroq arizachining aka yoki ukasi, opa yoki singlisi hamda voyaga yetgan farzandlari uchun jarayon uzoq va qiyin bo’lishi mumkin. Ayniqsa, deydi huquqshunos Naomi Tsu, shu mamlakatdan Amerikada muhojir juda ko’p bo’lsa.

“Deylik, Filippindan ukangizga homiylik qilmoqchisiz, vizasining esa muddati o’tganiga bir yil bo’ldi. Arizani berib, uning tasdiqlanishini olti oydan bir yilgacha kutasiz. Biroq vizasi chiqishiga yana 20 yilcha vaqt ketishi mumkin. Bu vaqt orasida u vataniga qaytib ketishga majbur bo’ladi. Viza tartibini buzgani uchun [AQShga qayta kirishni] yana 10 yil kutish kerak bo’ladi”, - deydi Tsu.

Kaliforniya universitetida immigratsiya va ma’muriy huquq bo’yicha professor Stiven Lining aytishicha, ayrim hollarda esa oila a’zosi Amerikaga umuman kiritilmaydi.

“Agar u odam terrorchi bo’lsa, turmush o’rtog’i bo’lsayam, AQShga kela olmaydi”, - deydi Li.

Vashingtondagi Migratsiya siyosati institutiga ko’ra, 2015-yilda bir milliondan ortiq odam grin-karta olib AQShga kirgan. Shulardan 44 foizi AQSh fuqarosining o’z oila a’zosi bo’lgan, 20 foizi esa homiylik orqali kelgan qarindoshi bo’lgan va atigi 14 foizi ishchi vizasi bilan Amerikaga qadam bosgan.

Sifatga asoslangan immigratsiya

Sifatga asoslangan immigratsiya tizimi kuchga kirsa, da’vogarning mutaxassisligi, o’tmishdagi yutuqlari, ingliz tili bilim darajasi, ta’limiga qarab unga bal beriladi.

“Yaxshiroq ishga taklif tushgan bo’lsa yoki Amerika iqtisodiyotiga sarmoya qilmoqchi bo’lsa, yoshi – bular ham hisobga olinadi”, - deydi huquqshunos Naomi Tsu.

Yuqori bal olgan muhojirlikka da’vogarlarda AQShga kirish imkoni balandroq bo’ladi.

“Masalan, siz Nobel mukofotini olgan bo’lsangiz, sizga 20 bal beriladi. Arizani topshirish uchun 30 bal kifoya”, - deydi Tsu.

Bunday tizim Kanada va Avstraliyanikiga o’xshab ketadi.

Yangi tizimning yaxshi-yomon tomonlari

Sifatga asoslangan immigratsiya sistemasi tarafdorlariga ko’ra, hozirgi tizim maoshlarning tushishiga sabab bo’lgan, muhojirlarning assimilyatsiya bo’lishiga ham to’sqinlik qiladi.

Sifatga asoslangan sistema immigratsiya oqimining kamayishiga olib kelib, yuqori malakali muhojirlarning mamlakatga kirishini ta’minlaydi, bu esa davlatdan yordam olish dasturlariga talabni tushiradi.

Senatorlar Deyvid Perdyu va Tom Kotton tashabbusi bilan ishlanayotgan yangi qonun loyihasi qonuniy immigratsiya darajasini bir milliondan 500 minggacha tushirishni ko’zlaydi.

“Oilaga asoslangan immigratsiya siyosati amerikalik ishchilar, soliq to’lovchilar va jamoalar resurslariga katta yuk bo’lib kelgan”, - deydi Prezident Tramp.

Biroq reja tanqidchilariga ko’ra, Amerikaga quyi malakali ishchilar ham kerak, chunki ularga talab yuqori bo’lgan sanoatlar zarar ko’rmasligi muhim.

Bundan tashqari, sifatga asoslangan sistema davlatga qimmatga tushadi, chunki arizalarni ko’rib chiqish va muhojirlarni AQShga olib kelishga sarflanadigan xarajatlarni davlat qoplashi kerak bo’ladi. Hozir bu chiqimlarni muhojirga homiylik qilayotgan oila a’zosi ko’taradi.