AQSh Kongressining Vakillar palatasi 18-dekabr kuni Prezident Donald Trampni impichment qilish uchun ovoz berdi. Masala endi Senatda muhokama qilinib, ovozga qo'yiladi. Prezidentning lavozimda qolishi shu organda hal qilinadi.
Impichment bu mansabdor shaxsni qonunbuzarlikda, o'z lavozimini suiiste'mol qilishda ayblash va uni tekshirish demakdir. Jarayon amaldorni ishdan olish bilan tugashi mumkin. Tramp - AQSh tarixida impichment qilingan uchinchi prezident.
Trampga qo'yilgan ikki ayblov: Ukrainadan AQShda 2020-yilgi saylovga aralashishni so'rab, o'z lavozimini suiiste'mol qilish va bu masalani tekshirish uchun hujjatlarni va guvohlardan ko'rsatmalarni talab qilgan Kongressga to'sqinlik qilish.
Vakillar palatasi impichment uchun ovoz berayotganda Prezident Tramp Michigan shtatida tarafdorlari bilan uchrashayotgan edi.
"Biz Michiganda ish o'rinlari yaratayotgan bir paytda, Kongressdagi radikal so'lchilar hasad va nafratga to'la. Ko'rib turibsiz, nimalar bo'layotganini", - dedi Tramp.
Vakillar palatasida demokrat qonunchilar ko'pchilik bo'lgani uchun impichment moddalari ma'qullandi. Prezidentning partiyadoshlari, ya'ni respublikachilar qarshi ovoz berdi. Mahkama endi respublikachilar hukmron bo'lgan Senatga ko'chadi. Trampni aybdor deb topish uchun senatorlarning uchdan ikki qismi ovoz berishi kerak.
AQSh rahbari "Twitter" orqali tekshiruvlarni qoralab, biror qing'ir ishga qo'l urmaganini qayta-qayta takrorlamoqda. U palata spikeri Nensi Pelosiga maktub yo'llagan.
"Aslida Amerika saylovlariga aralashayotgan - siz. Amerika demokratiyasini buzayotgan - siz. Adolatga to'sqinlik qilayotgan - siz. Shaxsiy, siyosiy va partiyangiz manfaatlari yo'lida respublikamizga uqubat olib kelayotgan - siz", - deyiladi unda.
Nensi Pelosi ham demokrat qonunchilarni impichment to'g'risidagi moddalarni ma'qullashga undab maktub yo'llagan. Bizga berilgan eng buyuk vakolatdan foydalanyapmiz, deydi spiker.
"Afsuski, faktlar prezident o'zining shaxsiy, siyosiy manfaati uchun vakolatini suiiste'mol qilganini, Kongressga to'sqinlik qilib qonundan, konstitutsiyadan va xalqdan ustun turishga harakat qilayotganini ko'rsatmoqda. AQShda hech kim qonundan ustun emas", - deyiladi maktubda.
Impichment hujjatlarida yozilishicha, Tramp prezidentlikka harakat qilayotgan raqibi Jo Bayden va uning Ukrainada ishlagan o'g'li Xanter Baydenga qarshi tergov ochishni so'rab shaxsan Ukraina prezidentiga murojaat qilgan. Shuningdek, 2016-yilgi prezidentlik sayloviga Rossiya emas, go'yo Ukraina aralashgani haqidagi da'volarni tekshirishni so'ragan.
Ikkinchi ayblov shundan iboratki, Tramp Ukraina bilan bog'liq minglab hujjatlarni Vakillar palatasiga topshirishdan bosh tortib, guvohlarni tergovchilarga ko'rsatma bermaslikka undab, Kongress ishiga to'sqinlik qilgan.