Qo’shma Shtatlar prezidenti ommaviy axborot vositalarini “xalq dushmani” deb tamg’alagan. Donald Tramp ta’biricha matbuot “xavfli va nosog’lom” va o’z maqolalari bilan urush ham keltirib chiqarishi mumkin. Prezidentning bunday hujumlaridan to’ygan axborot vositalari yaqinda kelishgan holda o’z sahifalarida Trampga javob qaytardi.
“Ular soxta, jirkanch yangiliklar yozishadi”, - deydi prezident.
Tarafdorlari bilan deyarli har bir yig’inda Tramp, gulduros qarsaklar ostida, ommaviy axborot vositalarini keskin tanqid qiladi.
“Soxtakorlar nuqul salbiy maqolalar yozishadi”, - deydi Tramp uning yig'inlarini yoritishga kelgan jurnalistlarga qarata.
Prezident va uning ma’muriyati ko’plab axborot vositalarini ularga nisbatan adolatsiz munosabatda ayblaydi. Jurnalistlar uchun prezident tanqidiga uchrash ko’p hollarda kasbning bir qismi, lekin xalq dushmani degan tamg’ani ko’pchilik qabul qilolmaydi. Oradagi keskinlik yaqinda Oq uydagi matbuot anjumanida namoyon bo’ldi.
“Mana shu xonada o’tirgan odamlar oldida, matbuotchilarning ko’ziga tik qarab, har kuni o’z ishini bajarayotgan, rasmiylarni savolga tutayotgan jurnalistlarga siz xalq dushmani emassiz deb ayting shu minbardan. Biz bunga loyiqmiz”, - dedi "CNN" telekompaniyasi muxbiri Jim Akosta.
“Prezident bu boradagi fikrini bildirib bo’lgan", - deya javob qaytardi Oq uy matbuot kotibi Sara Xakabi Sanders.
Matbuot anjumanida Sanders Stalinizm davrini eslatuvchi iboraning AQSh rahbari tomonidan qo’llanishini noto’g’ri demadi.
“Oq uyni yoritganman, vaziyatni uzoq yillardan buyon kuzatib kelaman. Matbuot korpusi va prezident o’rtasida shunchalik keskinlik, dushmanlik bo’lgan davrni eslay olmayman”, - deydi tahlilchi Frank Sesno.
Matbuot ham hujumga o’tdi. 16-avgust kuni 300 dan ziyod gazeta prezidentning ommaviy axborot vositalariga qarshi hujumlarini tanqid qilib, tahririy maqolalar chop etdi. Tashabbus boshida turgan “Boston Globe” nashriga ko’ra, “mediaga qarshi chirkin urush to’xtashi kerak”.
Kampaniyada ishtirok etganlar, siyosatga turli nuqtai nazardan qaraydigan kattayu-kichik gazetalar loyiha Trampga qarshi qaratilmaganini, balki so’z erkinligini himoya qilib chiqayotganini bildirmoqda.
“Bizga yoqqan tomoni shuki, liberal gazetalar bilan bir xil matnni chop etishimiz shart emas, hamma o’zinikini yozadi. Biz uchun muhimi - konstitutsiyaga kiritilgan birinchi o’zgartirish, so’z erkinligini himoya qilish, ovozsiz odamlar dardini yoritish”, - deydi Tennessi shtatidagi gazeta muxbiri Deyvid Plazas.
Ayrim tanqidchilar fikricha, matbuotga ishonch past bo’lgan bir paytda, ular tanqidga chidamli bo’lishi kerak.
Yuqorida tilga olingan gazeta tahririy maqolasida prezidentni tanqid qilmadi. 2016-yilgi saylovda Tennessi shtati Donald Trampga ovoz bergan.
“Maqolada Trampni tilga olganimiz yo’q”, - deydi Plazas.
AQSh Teleradio va raqamli yangiliklar uyushmasi o’zining 1200 a’zosiga murojaat yo’lladi. Xalq bilish huquqiga ega, bilish ehtiyojiga ega, bu ehtiyojni qondirish matbuotning vazifasi, deyiladi bayonotda. Uyushma a’zolaridan bu boradagi muhokamalar uchun ham efirda vaqt ajratishni so’ramoqda.