AQSh Meksikaga migrantlar oqimini to'xtatish shartini qo'ydi

  • Amerika Ovozi

Meksikadan poyezd ustida AQSh chegarasiga ketayotgan markaziy amerikalik migrantlar

Tramp ma'muriyati Meksikaga AQSh chegarasi tomon kelayotgan noqonuniy migrantlar oqimini uzil-kesil to’xtatish shartini qo’ydi. Chora ko’rish uchun 10 kun muhlat berilgan. Aks holda, Meksikaning barcha mahsulotlariga tarif solinadi.

Bu haqda Prezident Donald Tramp “Twitter” orqali ma’lum qildi.

“Noqonuniy migrantlar oqimini to’xtatmasa, 10-iyundan Meksikadan import qilinadigan barcha mahsulotlarga besh foizlik tarif belgilanadi. Oqim to'xtamasa, tariflar oyma-oy oshib boradi va 1-oktabrga kelib 25 foizga yetadi”, - deb yozdi Tramp.

Unga ko'ra, Meksikaning mazkur muammoni hal etishdagi sust ishtiroki AQSh xavfsizligi va iqtisodiyotiga jiddiy tahdid solmoqda.

"Meksikaning immigratsiyaga doir qonunlari puxta ishlangan. Ular noqonuniy migrantlar oqimini osonlikcha to’xtatishi va vataniga qaytarishi mumkin”, - deydi AQSh rahbari.

Meksika Prezidenti Andres Manuel Lopez Obrador “Twitter” orqali Trampga javob berdi. Ijtimoiy muammolar soliqlar va majburiy choralar bilan hal etilmaydi, deydi u.

Obrador Tashqi ishlar vaziri Marselo Ebrardni Vashingtonga safarbar qilib, muammoni hal etishga urinishini aytgan.

Oq uyning bildirishicha, Meksikaga qarshi chora ko’rish rejasi Kongressning ayrim respublikachi a’zolari bilan muhokama qilingan, ammo demokratlar bexabar bo'lgan.

Prezident Tramp chegaradagi vaziyatni inqiroz deb ta'riflaydi. AQSh-Meksika chegarasida har oy 100 ming odam qo'lga olinmoqda.