Nomzodi vazirlikka ko'rsatilgan arboblar Senat tinglovlariga hozirlanmoqda

  • Amerika Ovozi

Donald Tramp va davlat kotibligiga nomzod Reks Tillerson

Donald Tramp vazirlik lavozimlariga nomzodlarini ko’rsatgan arboblar ish boshlashdan oldin Senat tasdig’idan o’tishi kerak. Muxolifatdagi demokratlar Tramp tanlovidan norozi, biroq ularning tasdiqlanishiga g’ov bo’la olmaydi.

“Eng zo’r ma’muriyat bo’ladi”, - deydi Tramp.

​Saylangan prezident yirik tadbirkorlar, generallar, konservativ siyosatchilarni jamoasiga jalb qilmoqda.

Shulardan biri Reks Tillerson – davlat kotibi bo’lishga nomzod tadbirkor.

“Vladimir Putin bilan 15 yil oldin tanishganmiz, biznesmen ekanimni biladi. Kompaniyamiz Rossiyaga ko’p pul sarmoya qilgan”, - deydi u.

“Tillersonga savollarimiz ko’p. Ko’ramiz qanday javob berarkan”, - deydi demokrat senator Kris Kuns.

Qonunchi Tashqi aloqalar qo’mitasining a’zosi.

“Respublikachilar ham, demokratlar ham Tillersonning Putin va Rossiya bilan uzoq yillik aloqalariga doir savollar bermoqchi. Yirik neft va gaz kompaniyasini boshqargan arbob diplomat sifatida Amerika manfaatlari uchun kurasha oladimi? Mana shuni bilishni xohlaymiz”, - deydi senator Kuns.

“Senatdagi tinglovlar juda ham qizg’in bo’ladi. Trampning Kongress bilan aloqalari sinovdan o’tadi desak ham bo’ladi”, - deydi tahlilchi Jon Xudak.

Senatdagi aksariyat respublikachilar Tramp tanlagan arboblar nomzodlarini ma’qullayapti.

“Har biridan ko’nglim to’q. Ularning tasdiqdan o’tishiga ishonchim komil”, - deydi senator Mitch Makkonel.

Respublikachilar Senatda son jihatdan ustun, orada bo’linish bo’lmasa, nomzodlarning tasdiqlanishiga to’siq yo’q.

“Bu senatorlar o’z partiyasidan chiqqan yangi prezident bilan kelasi bir necha yil birgalikda ishlashga majbur. Vazirlikka nomzodlarni qiynash bilan oradagi aloqalarni buzib qo’yish mumkinligini yaxshi tushunishadi”, - deydi tahlilchi Xudak.